Avstraliyalik biznesmen Itan Xant 8-mart kuni izsiz yo‘qolgan Malayziyaning “Boing“ 777-200 samolyoti taqdiri va ehtimoliy o‘rni haqida taqdim etilgan ma’lumot uchun 5 million dollar miqdorida mukofot haqida e‘lon qildi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar berdi.
“Biz g‘arbiy mamlakatlar maxsus xizmatlari ushbu samolyot va uning qismati haqida aniq ma’lumotga ega, deb hisoblaymiz, — dedi Xant. — Ular orasida tegishli axborotni pul mukofoti evaziga taqdim etishga tayyor kishilar topilishi mumkin”.
Itan Xant pul ommabop internet-portallardan biri orqali yig‘ila boshlaganini aytdi. Zarur miqdordagi pul yaqin ikki haftada yig‘ilib qolishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Malaysia Airlines’ga qarashli Boeing 777-200ER samolyoti 8-mart kuni Kuala-Lumpurdan Pekinga parvoz etayotib, radarlardan yo‘qolib qolgan. U Malayziya va Vyetnam chegarasini kesib o‘tganidan keyin bir necha daqiqa vaqt o‘tgach, aloqa uzilgan. Bevosita g‘oyib bo‘lishidan avval undan olingan xabarda biror muammo haqida gap ham bo‘lmagan. Samolyot bortida 12 nafar ekipaj a’zolari bilan birga jami 239 kishi bo‘lgan.
Izoh (0)