• Profilga Kirish
  • 1744009905_435.svg 1744009905_642.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12980.16
    • RUB161.63
    • EUR14606.57
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Toshkentda
      +34°C
      • Andijon
      • Qarshi
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Farg‘ona
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Termiz
      • Namangan
      • Toshkent
      • Navoiy
      • Toshkent vil
      • Nukus
      • Urganch
    • Daryo
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • O‘zbekiston
      • Boshqalar
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Qoraqalpog‘iston
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Ob-havo
    • Markaziy Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    infinix
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    Sport

    Rustam Qosimjonov: “Shaxmat bilan shug‘ullanishimga ota-onam qarshilik qilgan”

    Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni, “Amir Temur” ordeni sovrindori Rustam Qosimjonov “Muloqot intervyu” loyihasining navbatdagi mehmoni bo‘ldi va “Muloqot” ijtimoiy tarmog‘i a’zolarining savollariga javob berdi.

    Foto: “Muloqot” / Faxriddin Ubaydullayev

    Foto: “Muloqot” / Faxriddin Ubaydullayev

    stevevoz

    Shaxmatni tanlashingizda kim sababchi bo‘lgan?

    Rustam Qosimjonov: Ushbu savolni intervyularda menga juda ko‘p berishadi. Boshida shaxmat bilan qiziqish tufayli shug‘ullanganman. Keyinchalik bu qiziqishim bilan jiddiy shug‘ullanishni boshlaganman. Aynan kimdir sababchi bo‘lgan deb ayta olmayman. O‘z tanlovim bo‘lgan, boshqa ishlarga nisbatan shaxmatni yaxshiroq uddalaganman.

    stevevoz

    20 yil ortga qaytsangiz va kelajakni oldindan ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lsangiz yana shaxmatni tanlagan bo‘larmidingiz yoki boshqa biror kasbnimi?

    Rustam Qosimjonov: Agar 20 yil ortga qaytish imkoni bo‘lganda, nafaqat shu sohani tanlagan, balki yanada ko‘proq vaqtimni shaxmatga sarflagan bo‘lar edim.

    Shaxmatchi bo‘lganimdan afsuslanmayman. Bu mening tanlovim bo‘lgan va men bundan roziman. Agar nimadandir afsuslanadigan bo‘lsam, vaqtida shaxmatda qilishga ulgurmagan ishlarimdan afsuslanishim mumkin.

    Djtima0300

    Siz biron musoboqada g‘alaba qozonganingizda ko‘nglingizdan nimalar o‘tadi? Kim bilan va qayerda ushbu g‘alabani nishonlaysiz?

    Rustam Qosimjonov: Odatda har bir inson yutuqlarini o‘z yaqinlari bilan nishonlaydi. Oxirgi paytlar yutuqlarimni rafiqam bilan birgalikda nishonlaymiz. Har doim ham u men bilan bo‘la olmaydi, biroq ko‘p safarlarimda u yonimda bo‘ladi. Nishonlaganda ham oddiy tarzda nishonlaymiz. Chunki dabdabani xush ko‘rmayman. Odatda o‘yindan keyin barcha shaxmatchilar qattiq charchoq tufayli tinchlik xohlashadi. Hatto, jahon chempioni bo‘lganimdan keyin O‘zbekistonga qaytib, g‘olibligimni uch—to‘rt kundan so‘ng nishonlaganman.

    as-sputnikiy

    Shaxmatga qiziqaman. Aytishlaricha bobomiz sohibqiron Amir Temur shatranj o‘ynagan emish. Shatranj bilan shaxmatning farqi bormi? Javob uchun oldindan rahmat!

    Rustam Qosimjonov: Buning o‘ziga xos tarixi mavjud va turli xil ta’riflari bor. Boshida shaxmatga o‘xshash o‘yin turi bo‘lgan va u shatranj deb nomlangan. Keyinchalik bu o‘yin butun yer yuzi bo‘ylab tarqalishni boshlagan. Hozirgi biz biladigan shaxmat o‘yini bizga G‘arbdan kirib kelgan. Biroq Sharqdagi shaxmat o‘yini G‘arbdagisidan farq qiladi. Misol uchun Xitoy shaxmati bizning shaxmatimizga o‘xshab ketadi, ammo qoidalari umuman boshqacha — shatranj o‘yiniga yaqinroq. Yillar o‘tib shaxmat qoidalari o‘zgargan. Xitoycha shaxmat qiyinligiga qaramasdan ancha qiziqarli, biroq uni ko‘proq Xitoyda o‘ynashadi. Xitoy shaxmatini o‘ynaydigan shaxmatchilar ham yo‘q emas. Shuningdek, yaponcha “Shogi” nomli shaxmat turi ham mavjud. U biz bilgan shaxmatdan ancha qiyin. Bu shaxmatda biror dona olinsa ham, keyin boshqa dona bo‘lib yana o‘yinga qaytadi, shu bois shaxmat taxtasi bo‘shab qolmaydi.

    Oddiygina AZIZIM (89dunyo, HAYOTXONIM)

    Qaysi davlat maktablarida shaxmat alohida fan sifatida o‘tiladi?

    Rustam Qosimjonov: Rasmiy fan sifatida Turkiya va Armanistonda mavjud.

    ikrom bozorov

    Necha yoshdan boshlab shaxmat o‘ynagan ma’qul?

    Rustam Qosimjonov: Qancha vaqtli boshlansa, shuncha yaxshi. Uch yoshidan shaxmat o‘ynashni boshlagan va bugunga kelib yaxshi natijalar ko‘rsatayotganlar haqida ko‘plab misollar mavjud. Shuningdek, shaxmat o‘ynashni yoqtirmaydigan bolalar ham bor, ammo ular ham biroz vaqtdan so‘ng shaxmatga qiziqib qoladi.

    Intervyu Toshkent shahridagi April Verdant restoranida o‘tkazildi. Foto: “Muloqot” / Faxriddin Ubaydullayev

    Intervyu Toshkent shahridagi April Verdant restoranida o‘tkazildi. Foto: “Muloqot” / Faxriddin Ubaydullayev

    AbduRasul Ulug'Muradov

    Necha yoshingizdan shaxmat o‘ynashni boshlagansiz? Yoshligingizdan shaxmatchi bo‘lishni orzu qilganmisiz?

    Rustam Qosimjonov: Men o‘zim olti yoshimdan boshlaganman, sakkiz yoshimdan esa jiddiy shug‘ullanishga kirishganman. Bu faqatgina o‘z qiziqishim bilan bo‘lgan, chunki ota-onam shaxmat o‘ynashimga qarshi bo‘lgan. Hatto shu sababli boshida shaxmat bilan shug‘ullanishimni ulardan yashirishga majbur bo‘lganman.

    Jamoliddin Jalolov

    Birinchi ustozingiz kim?

    Rustam Qosimjonov: Birinchisi, akam desam ham bo‘ladi. U qanday kuchli o‘ynaganini baholay olmayman, lekin ilk shaxmat partiyalarimni u bilan o‘ynaganman. O‘shanda men olti yosh, akam esa 10 yosh bo‘lgan. Biz doimo birga shaxmat o‘ynaganmiz. U shaxmat o‘ynashni qayerdan o‘rganganini hech so‘ramagan ekanman. Maktabga chiqqanimdan so‘ng, murabbiyim O‘zbekistondagi eng kuchli shaxmatchilardan biri Aleksandr Vasilyevich Glushenskiy bo‘lgan. Aynan u kishi mening bor muhabbatimni shaxmatga yo‘naltira olgan.

    Mahamatik Maxx

    O‘zingizga yoqqan o‘yin haqida gapirib bering.

    Rustam Qosimjonov: Menimcha, bu jahon chempionati finali bo‘lgan bo‘lsa kerak. Bu nafaqat mening hayotimdagi, balki butun xalqimizning tarixidagi unutilmas voqea bo‘lgan.

    - WaLveRine -

    “Orzungizdagi” raqibingiz kim?

    Rustam Qosimjonov: Men dunyoning bir qancha shaxmatchisi bilan bahs olib borganman. Lekin bugungi kundagi jahon chempioni Magnus Karlsen bilan jiddiy o‘yin o‘ynash o‘ta qiziqarli bo‘lar edi, deb o‘ylayman.

    stevevoz

    Sizga Anand va Kasparov o‘yinining hakamligi topshirilsa, siz bunga qanday javob berasiz?

    Rustam Qosimjonov: Men hakam emasman va, menimcha, hakamlik qilish zerikarli ish. Ko‘proq o‘yinda ishtirok etishni xush ko‘raman.

    stevevoz

    Ko‘p rasmlaringizni, o‘yinlaringizni kuzatganimda og‘ir, bosiq holda harakat qilasiz. Bu shaxmatchilarga xos xususiyatmi? Yoki har doim shunday bosiqlik bilan harakat qilasizmi?

    Rustam Qosimjonov: Shaxmat bu qiyin sport turi. Afsuski, ko‘pchilik buni tushunmaydi. Shu sababli shaxmat o‘ynayotganingizda g‘olib bo‘lish uchun bor diqqat-e’tiboringizni bir joyga to‘plashingiz kerak. Shaxmat musobaqalari Moskva davlat universitetiga imtihon topshirishdan ham qiyinroq bo‘ladi.

    Habibulla.chess

    Shaxmat bilan shug‘ullanish inson psixologiyasini rivojlantira oladimi? Qay darajada ta’sir ko‘rsatadi?

    Rustam Qosimjonov: Shaxmat insonni stresslarga chidamli qiladi. Mening jahlim tez chiqadi. Lekin boshqalarga nisbatan stress vaziyatdan tez chiqa olaman. Bu shaxmat bilan shug‘ullanganimdan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.

    Shoirbek Bosidjonov

    Internetda o‘z saytingizga ega bo‘lsangiz kerak. Shu saytingiz URL manzili qanday? Siz bilan onlayn tarzda shaxmat o‘ynashning imkoni bormi?

    Rustam Qosimjonov: Rasmiy saytim yo‘q. Onlayn o‘yinlarni yoqtirmayman. O‘ynasam ham o‘zim uchun, shunchaki vaqt o‘tkazish uchun o‘ynashim mumkin. Ko‘proq jonli o‘ynashni ma’qul ko‘raman.

    Ijtimoiy tarmoqlardan deyarli foydalanmayman. Bunga sabab avval ijtimoiy tarmoqlarga kirganimda ular juda ko‘p vaqtni olishini tushungan edim. Undan ko‘ra bu vaqtni mazmunliroq o‘tkazish mumkin. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarni uncha xush ko‘rmayman, biroq ularni tashkil etganlarga hurmatim cheksiz.

    Foto: “Muloqot” / Faxriddin Ubaydullayev

    Foto: “Muloqot” / Faxriddin Ubaydullayev

    Shoirbek Bosidjonov

    Shogirdlaringiz bormi? Ular haqida gapirib bering. Rejadagi eng muhim o‘yiningiz qachon va qayerda o‘tkaziladi?

    Rustam Qosimjonov: Aynan tarbiyalayotgan shogirdlarim yo‘q. Lekin yuqori natijalarga erishgan shaxmatchilarning ayrimlariga yordam berib turganman. Ularni shogirdim deb ayta olmayman-u, ammo ular biror yordam so‘rasa, qo‘limdan kelgancha ko‘maklashishga tayyorman.

    Iphone 5s

    Siz qaysi shaxmatchilarni o‘zingizdan zo‘r, deb bilasiz va qaysi shaxmatchilar bilan o‘ynashni orzu qilasiz?

    Rustam Qosimjonov: Balki muxlislarim mendan boshqa javob kutgandir, lekin bunaqa shaxmatchilar juda ko‘p. Biroq shaxmat o‘ynash uchun bu menga to‘sqinlik qilmaydi. Masalan, agar mendan kuchliroq o‘ynasa ham, men uning ustidan g‘alaba qozonishga harakat qilaman. Shaxmatda ba’zan kutilmagan natijalar va burilishlar ham bo‘lib turadi.

    vaxobov.loiqjon

    Shu kunga qadar erishgan yutuqlaringiz sizni qoniqtiradimi yoki hali ham kam deb o‘ylaysizmi?

    Rustam Qosimjonov: Jahon chempionati g‘olibi bo‘lganim bilan, albatta, faxrlanaman — buni rad etishim ahmoqlik bo‘ladi. Yana Osiyo o‘yinlari sovrindori bo‘lganimdan g‘ururlanaman, chunki bu medal O‘zbekiston sovrinlari qatoridan o‘rin egallagan. Agar kasbim doirasida gapiradigan bo‘lsam, hali juda ko‘p qiladigan ishlarim va qo‘lga kiritmagan yutuqlarim bor.

    Bek Uzbekistan

    Shaxmat partiyalarida ko‘p bor e’tibor berganmiz ikki qo‘lingiz bilan qulog‘ingizni berkitgan holatda o‘yin o‘tkazasiz. Buning sababi nimada? Yoki shu holatda ham biror xislat bormi?

    Rustam Qosimjonov: Ko‘pchilik shaxmatchilar boshini ushlagan holatda shaxmat o‘ynaydi. Bu holat nafaqat shaxmatchilarga, balki oddiy odamlarga ham xos. Shu holat orqali odamlar diqqatini jamlaydi. Shu kabi bu odat shaxmatchilarda ham bor. Qo‘llar stol ustida qulay joylashadi va bu holatda shaxmat o‘ynash ancha oson. Ochig‘ini aytganda, o‘zim qanday o‘tirishimga ahamiyat bermagan ekanman. Ammo o‘yin davomida odamlarning, fotosuratchilarning nazaridan yashirinmoqchi bo‘lsam, ko‘zimni qo‘llarim bilan berkitib olaman.

    Bek Uzbekistan

    Shaxmatdan tashqari, boshqa sport turlariga ham qiziqasizmi, shug‘ullanasizmi?

    Rustam Qosimjonov: Katta tennis bilan shug‘ullanaman. Lekin professional tarzda emas. Oldinlari suzish bilan shug‘ullanar edim. Hozirgi kunda yuragimga yaqini katta tennis. Shaxmatdan bo‘sh bo‘lgan paytlarimda tennis o‘ynashga harakat qilaman.

    Juventus Turin

    Butun shaxmat tarixidagi eng kuchli shaxmatchi deb kimni e’tirof etasiz?

    Rustam Qosimjonov: Qiyin savol, chunki turli davr shaxmatchilarini qiyoslab bo‘lmaydi. Misol uchun, men shaxmatni o‘rgangan paytimda Fisherni eng yaxshi deb bilganman. Lekin Fisherni Kasparov yoki bugungi jahon chempioni Karlson bilan qiyoslash juda ham qiyin. Karlson juda kuchli o‘yinchi va men u bilan biror partiya o‘ynashni xohlar edim. Agar eng kuchli uchlikni ayting deb savol berilganda, shubhasiz, mana shu uch kishini aytar edim.

    Juventus Turin

    Shaxmatda qaysi uslubni yoqtirasiz va nimaga?

    Rustam Qosimjonov: Shaxmatda uslub tushunchasi yo‘q. Chunki sizning yurishingizdan tashqari raqibingizning ham yurishi mavjud. O‘yin natijasi 50% sizga, 50% raqibingizga bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli har bir o‘yinni shaxmatchi o‘z yo‘li bo‘yicha o‘ynashga to‘g‘ri keladi.

    anchik1191

    Shaxmat sizga chempionlikdan tashqari nima berdi?

    Rustam Qosimjonov: Ko‘p narsa berdi. Nafaqat shaxmatga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usini, balki jamiyatda o‘z o‘rnimni topishda yordam berdi. Bundan tashqari xalqning menga bo‘lgan mehr-muhabbatini berdi. Buni juda ko‘p sezaman, ayniqsa, Toshkentga kelganimda. Xalqning mehri beminnat va buni har safar his etganimda, aynan shu yo‘lni tanlaganimdan afsuslanmayman.

    Bobomurod Sanaqulov

    Aytishlaricha, matematikani yaxshi biladigan o‘yinchi boshqalardan kuchli o‘ynar ekan, shu gaplarga qanday qaraysiz?

    Rustam Qosimjonov: Matematika bilan hech qachon muammom bo‘lmagan. Shuni ta’kidlash kerakki ko‘pchilik shaxmatchilar raqamlar bilan yaxshi kelisha oladi. Lekin turli xil shaxmatchilar bor — ularning orasida gumanitar soha vakillari ham mavjud. Biroq ba’zi shaxmatchilar matematikani yaxshi bilmasa ham shaxmatni yaxshi o‘ynaydi.

    Foto: “Muloqot” / Faxriddin Ubaydullayev

    Foto: “Muloqot” / Faxriddin Ubaydullayev

    Ramsey

    Siz yoqtirgan film?

    Rustam Qosimjonov: Film tomosha qilishni yaxshi ko‘raman. 40—50-yillar klassik filmlarini yoqtiraman. Aynan qaysi film ekanligini ayta olmayman, ammo “xej-xok” yo‘nalishidagi va qo‘rqinchli filmlarni yaxshi ko‘raman.

    Ramsey

    Rustam Qosimjonov futbolga qiziqadimi?

    Rustam Qosimjonov: Agar jahon chempionati bo‘lsa ko‘rishim mumkin. Yoki do‘stlar bilan futbol o‘ynash yoqadi. Umuman olganda, qiziqmayman.

    Umid Alimov

    Shaxmatdagi eng to‘g‘ri yo‘l bu nima?

    Rustam Qosimjonov: Bu falsafiy savol. Har kim o‘z yo‘lini izlaydi: kimdir natijalarni, kimdir o‘yin jarayonini, boshqa birov esa raqib ustidan g‘alaba qozonishni yoqtiradi. Shu sababli bu savolga har kim o‘zidan kelib chiqib javob beradi.

    Muzaffar Saidov

    Agar sir bo‘lmasa nechta xorijiy tilni bilasiz?

    Rustam Qosimjonov: O‘zbek, rus, ingliz va nemis tillarida gaplasha olaman.

    Raxmiddin Tojiboyev

    Men ham shaxmatga rosa qiziqaman, ammo tengdoshlarim orasida hech biri bilmaydi. Shu sport turini maktablarda ham chuqur o‘qitish yo‘lga qo‘yilsa yoshlarga foyda bo‘larmidi?

    Rustam Qosimjonov: Savolning birinchi qismiga javob beradigan bo‘lsam, bugungi kunda shaxmat o‘ynash muammo emas. Internetda shaxmat o‘ynash uchun joylar bor, har bir odam unda shaxmat partiyasini o‘tkazishi mumkin. Agar atrofingizda biror raqib topilmasa, internetdan topish ham mumkin. Maktablarda shaxmat darslarini yo‘lga qo‘yish uchun bir necha omil zarur. Birinchidan, darsliklar, ikkinchidan, shaxmat o‘ynash uchun zarur buyumlar, uchinchidan, dars o‘tuvchi mutaxassislar kerak. O‘zbekistonda 10 million o‘quvchi bor bo‘lsa, tasavvur qiling ularga shaxmat uchun qancha zarur narsalar kerak bo‘ladi. Shuningdek, yetarli darajada o‘qituvchilar ham yo‘q. Bularning barchasini nazariy jihatdan qilish mumkin, ammo juda ko‘p vaqt kerak bo‘ladi.

    Kamilka Karamelka

    Qaysi kasb egalarini ko‘proq hurmat qilasiz?

    Rustam Qosimjonov: Bu haqda hech qachon o‘ylab ko‘rmaganman. Har doim qaysi soha bo‘lishidan qatiiy nazar, o‘z sohasida yuqori yutuqlarga erishgan odamlarni hurmat qilaman.

    Bek Uzbekistan

    Biror o‘yindan oldin shu shaxmatchiga mag‘lub bo‘lsam kerak degan qo‘rquv bo‘lganmi?

    Rustam Qosimjonov: Albatta, har bir o‘yin oldidan hayajon bosadi. Hattoki, yutqazish fikri ham xayoldan o‘tadi. Bu sportchilar uchun har bir musoboqadan oldin bo‘ladigan odatiy hol. Ayniqsa, u hal qiluvchi, jiddiy o‘yinlar bo‘lsa hayajon kuchliroq bo‘ladi.

     

    Foto: “Muloqot” / Faxriddin Ubaydullayev

    Foto: “Muloqot” / Faxriddin Ubaydullayev

    rinat2007

    Eng oliy maqsadingiz nima va unga erishganmisiz?

    Rustam Qosimjonov: Bu haqda o‘ylab ko‘rmaganman. Shaxmat to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, avvallari maqsadlarimdan biri jahon chempioni bo‘lish edi. Lekin bu bilan to‘xtab qolmasdan, yanada yuqori natijalarga erishishga harakat qilaman.

    ОтабекНазимов

    Qachon o‘zingizning shaxmat maktabingizni ochasiz?

    Rustam Qosimjonov: Rejada bor, biroq hozir emas. Chunki maktab ochish jiddiy masala, juda ko‘p vaqtni va kuchni talab etadi. Ushbu loyiha hozircha amalga oshirilmaydi. Hozir men shaxmatchi sifatida o‘z yo‘nalishimni olib boryapman. Qachondir shaxmatdagi karyeramni to‘xtatsam, shunda maktab ochish haqida o‘ylayman.

    ОтабекНазимов

    Sevib o‘qiydigan shaxmat kitobingizning nomi nima?

    Rustam Qosimjonov: Menimcha, bunday kitob yo‘q. Yoshligimda Nemsovichning “Mening sistemam” kitobi yoqar edi va u men uchun muhim edi. Keyin bir necha kitob o‘qidim, ularning har biridan turli xil narsa o‘rgandim, shu bois ulardan aynan birini ajratib ko‘rsata olmayman.

    Muhammadjon Salim

    Inson maqsadiga erishishi uchun nima qilishi kerak?

    Rustam Qosimjonov: Birinchidan, o‘ziga ishonishi kerak. Agar shaxmat to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, shaxmat bilan iloji boricha vaqtliroq shug‘ullanishni boshlash kerak. Agar 18 yoshdan shaxmat o‘ynashni boshlasangiz, o‘zingiz uchun o‘rganishingiz mumkin, lekin katta yutuqlarga erisha olmaysiz. Agar chempion bo‘lish maqsadi bo‘lsa, shaxmat bilan shug‘ullanishni uch—to‘rt yoshdan boshlash kerak.

    Махамадсодиқ Ҳидоятов

    Eng qisqa motni qachon amalga oshirgansiz va u kim edi?

    Rustam Qosimjonov: Shaxmat partiyalari kamdan-kam mot bilan tugaydi. Chunki mot bu o‘yinning oxirgi nuqtasi. Hayotda bir-birini hurmat qiluvchi raqiblar, mot bo‘lishigacha uch—to‘rt yurishni avvaldan biladi va o‘yinni to‘xtatadi.

    stevevoz

    Virtuallik va reallik, bular orasida qanday bog‘liqlikni yoki farqni sezasiz?

    Rustam Qosimjonov: Har kimning o‘z real dunyosi bor. Kimdir internetda sutkasiga 24 soat vaqtini o‘tkazishi mumkin va bu uning o‘z realligi. Men oxirgi paytlarda real hayot tarafdoriman. Ayniqsa, ko‘proq sport bilan shug‘ullanib, o‘sha sportda biror yutuqqa erishishni xohlayman. O‘z qo‘llaring bilan nimagadir erishish bu ajoyib tuyg‘u.

    Foto: “Muloqot” / Faxriddin Ubaydullayev

    Foto: “Muloqot” / Faxriddin Ubaydullayev

    Intervyu boshlovchisi Zuhra Yunusovadan savollar:

    Bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazasiz?

    Rustam Qosimjonov: O‘zimni sport bilan shug‘ullanishga majburlayman. Ishim ko‘pligi, ish rejam juda bandligiga qaramasdan sport bilan shug‘ullanishga harakat qilaman. Jismonan chiniqqan odam doim o‘zini yaxshi his qiladi va ishlari o‘ngidan keladi. Hatto musoboqalardan keyin ham trenajyorda biror soat yugurish bilan mashg‘ul bo‘laman. Shu bilan aqliy toliqishni yengaman. Bo‘sh vaqtimda dangasalik qilmoqchi bo‘lsam, kino yoki seriallarni ko‘rishni yoqtiraman.

    Toshkentdagi ovqatlanish uchun yaxshi ko‘rgan joyingiz?

    Rustam Qosimjonov: Toshkentda juda kam bo‘laman, shu sababli yaqinlarim bilan birgalikda, uyda ovqatlanishni yoqtiraman. Toshkent tez rivojlanayotgan shahar bo‘lgani uchun har kuni har xil joy barpo etilmoqda. Odam qayerga borishni ham tanlay olmay qoladi.

    Spirtli ichimliklarga munosabatingiz qanday?

    Rustam Qosimjonov: Alkogolli ichimlik ichmayman. Qachonlardir ichib ko‘rganman, lekin hozir xushyorlik tarafdoriman. Ko‘proq mevali sharbatlarni xush ko‘raman.  Hatto do‘stlarim bilan yig‘ilganimizda ham o‘zimga alkogolsiz kokteyllarni buyurtma qilaman va, albatta, bu juda zerikarli (kuladi).

    Sevimli milliy taomingiz?

    Rustam Qosimjonov: Albatta osh! Ayniqsa, to‘y oshi. Har kun yesam ham jonimga tegmaydi.

    Sevimli mevangiz?

    Rustam Qosimjonov: Gilos. Chet eldan O‘zbekistonga tashrif buyursam ham aynan gilos pishadigan oyni mo‘ljallayman.

    O‘zbekistondagi sevimli shahringiz?

    Rustam Qosimjonov: Toshkent. Rafiqam buxorolik bo‘lganligi sababli Buxoroni ham bilaman. Biroq barcha tarixiy joylarida bo‘lmaganman. Xivaga hech qachon bormaganman. Samarqandga borish rejamda bor, chunki u yerda bo‘lganimga 23 yil bo‘ldi.

    “Muloqot” xodimasi Zuhra Yunusova, Rustam Qosimjonov va “Daryo” xodimi Alisher Azimov. Foto: “Muloqot” / Faxriddin Ubaydullayev

    “Muloqot” xodimasi Zuhra Yunusova, Rustam Qosimjonov va “Daryo” xodimi Alisher Azimov. Foto: “Muloqot” / Faxriddin Ubaydullayev

    Rustam Qosimjonov suhbat yakunida Raxmiddin Tojiboyevning kompozitorlik haqidagi savolini “Eng yaxshi savol” deb topdi. “Eng yaxshi savol” egasiga “Muloqot” saytlar tarmog‘idan esdalik sovg‘asi taqdim etiladi.

    “Muloqot” saytlar tarmog‘i tashkil etgan “Muloqot intervyu” loyihasida o‘tkazilgan boshqa suhbatlarni Intervyu.uz saytida o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, yana bo‘lib o‘tadigan intervyularda o‘z savollaringiz bilan qatnashishingiz mumkin.

    04.06.2014, 18:08   Izoh (0)   14549
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    Mavzuga doir

    O‘zbekistonlik birinchi ayol komissar o‘smir qizlar o‘rtasidagi musobaqaga taklif etildi

    02.06.2014, 11:38

    Qatar JCh-2022 mezbonligini 5 mln dollarga sotib olgani ma’lum bo‘ldi

    02.06.2014, 09:38

    Jahon chempionati davomida Ronaldinyo o‘z uyini sutkasiga 15 ming dollarga ijaraga beradi

    26.05.2014, 20:03

    Andijonda 4,5 milliard so‘mlik qilichbozlik majmuasi quriladi

    21.05.2014, 11:55

    Ruslan Chagayev Chechenistonda unvon uchun ringga tushadi

    14.05.2014, 10:31

    Eshli Koul Angliya termasida boshqa o‘ynamasligini e’lon qildi

    12.05.2014, 09:40
    ×Lightbox Image

    Daryo.uz | Sizning muammoingiz yechimi


    MAGIC SAFARI — Markaziy Osiyodagi birinchi tematik safari-park 15-may kuni o‘z eshiklarini ochadi!


    BI Group Toshkent BI Botanika Saroyi turar-joy majmuasini belgilangan muddatdan oldin foydalanishga topshirdi va sifat hamda muddatga sodiqligini tasdiqladi


    O‘zbekistonda token chiqarish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan


    “Otang bozor, onang bozor”, qurilish do‘koni ochmoqchi bo‘lsang, Tashkent INDEX’ga bor


    UZCARD SHERDOR premium kartasi endi MKBANKda mavjud


    Uzbekistan Airways Islomobodga parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda


    Moliyaviy firibgarlik: murakkab sxemalar bo‘yicha sodda tushunchalar 


    O‘zbekiston Milliy banki “Oltin omonat”ni ishga tushirmoqda


    Hyundai Uzbekistan sizni Before Service tadbiriga taklif etadi


    Silk Avia Shahrisabzga ko‘proq parvoz qiladi


    Digital Uzbekistan Toshkentda 28-may kuni o'z ishini boshlaydi! Bozorni o‘zgartirib yuboruvchi PLAS-Forum 


    Toshkent mineral suvi: Iskandar Zulqarnayndan hozirgi kungacha


    GWM Auto Shanghai 2025 da o‘zining global strategiyasini taqdim etdi: O‘zbekiston asosiy hamkorlar qatorida 


    “Trastbank”dan kichik biznes egalari uchun 500 mln so‘mgacha kredit!


    OSTIM Global: 100 gektarlik zamonaviy sanoat hududi

     

    Tavsiya etamiz

    “Yovuzlik imperiyasi zaminimizga hech qachon qaytmasligi uchun” — jamoatchilik o‘roq-bolg‘ali qizil bayroq va qora-olovrang lentani taqiqlashni so‘ramoqda

    13 may, 22:22

    Ular doim dunyoda eng yaxshilaridan bo‘lgan — pokistonlik harbiy uchuvchilar haqida

    12 may, 21:30

    Si va Putin tandemi: Rossiya va Xitoyning “chegarasiz do‘stligi” Markaziy Osiyodagi muvozanatga qanday ta’sir qiladi?

    12 may, 19:00

    “AQSH yordam bermaganida, g‘alabaga erisha olmasdik” — Ikkinchi jahon urushida SSSR yutug‘ini ta’minlagan yashirin haqiqatlar

    10 may, 15:00
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    Soliq qo‘mitasi fuqarolar elektron pochtalariga soliq qarzi haqidagi xatni firibgarlar yuborayotganidan ogohlantirdi

    O‘zbekiston | 15 may, 10:06

    Hyundai Uzbekistan sizni Before Service tadbiriga taklif etadi

    Reklama | 15 may, 09:00

    Kurskdagi hujumda O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi

    O‘zbekiston | 15 may, 09:59

    Mbappe “Real” tarixiga kirdi

    Sport | 15 may, 09:47

    Fojiali bashoratga aylangan marjon: Misr malikasining hayotini vayron qilgan taqinchoq haqida

    Madaniyat | 15 may, 09:46

    O‘zbekistonda Milliy sut mahsulotlari platformasi ishga tushiriladi

    O‘zbekiston | 15 may, 09:07

    “SSKA” “Zenit”dan ustun kelib, Rossiya Kubogi superfinaliga yo‘l oldi. Fayzullayev zaxiradan tushdi (video)

    Sport | 15 may, 08:54
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.