“VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Pavel Durov AQShda loyiha bo‘yicha sobiq sheriklari va Ilya Shcherbovichning UCP fondi bo‘yicha da’vo qo‘zg‘atdi. Durov ularni o‘zining Telegram messenjeridagi hissalari bo‘yicha firibgarlik va tamagirlikda ayblamoqda. Bu haqda “Vedomosti” xabar berdi.
Da’voda ta’kidlanishicha, javobgarlar Durovdan Digital Fortress, Telegram va Pictograph kompaniyalarini tortib olish, so‘ng Telegram’da noqonuniy ravishda hissaga ega bo‘lish uchun til biriktirgan. Rossiyalik biznesmen AQSh sudidan unga yetkazilgan zararlarni qoplab, uni Telegram’ga tegishli barcha aktivlarning qonuniy egasi deb tan olishni so‘ramoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Durovning ishonchli sheriklari bo‘lmish Ilya Perekopskiy va Aksel Neff (Durov ularga Telegram ishini ishonib topshirgan edi) UCP sheriklari Ilya Shcherbovich, Viktoriya Lazareva va Yuriy Kachuro tomonidan sotib olingan. Durovning savdo belgilari, serverlari va shartnomalari ular qo‘liga o‘tib qolgan.
2-aprelda Shcherbovich Durov bilan uchrashib, Telegram biznesining 48 foizini ularga bersa, Neffdan sotib olingan kompaniyalarning 52 foizini Durovga qaytarib berishga va’da bergan. Biroq Durov bunga rozi bo‘lmagan.
Kachuro da’voda keltirilgan ma’lumotlarni “g‘irt yolg‘on” deb hisoblamoqda. UCP Telegram’ning “VKontakte”ga qaytishini talab qilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqning xo‘jayinlaridan biri — Alisher Usmonovning USM Holdings kompaniyasi Durovning gaplarini tasdiqladi. UCP unga ham Telegram’ni Durovdan tortib olishda hamkorlik qilishni taklif etganini aytdi.
Izoh (0)