Samarqandlik Ilhom Sarvarov, opa-ukalar — Surxon Abdurahmonov, Oqila Abdurahmonova, buxorolik Erkin Narzullayev va Baxtiyor Soibovning giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangani fosh qilindi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar berdi.
Buxoro viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori Olim Mirzayevning ma’lum qilishicha, 2013-yilning mart oyida o‘z jinoiy maqsadlari yo‘lida yurgan Surxon Abdurahmonov va Oqila Abdurahmonova buxorolik Baxtiyor Soibov bilan tanishib, undan geroin topib berishini iltimos qilgan. Muqaddam bir necha marta sudlanganiga qaramay, B. Soibov Samarqand viloyati Urgut tumani Jarqishloq va Mo‘minobod qishloqlari kesishmasida aytilgan buyurtmani yetkazib bergan. Opa-ukalar giyohvand moddani 3 million 600 ming so‘mga sotib olgan. Savdogarlar narkotik moddani Buxoro shahrida Erkin Narzullayevga 4 million 800 ming so‘mga sotgan.
Shunday qilib, ular Samarqand bilan Buxoro o‘rtasida vositachilikni yo‘lga qo‘ygan. Ilhom Sarvarov ham bu tarmoqda faol ishtirok etgan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay jinoyatchilarning kirdikorlari fosh etilgan. Ular O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilgan. Ilhom Sarvarov 11 yil, Surxon Abdurahmonov 10 yil, Oqila Abdurahmonova yetti yil, Erkin Narzullayev sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Izoh (0)