O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinsh 27-may kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Tashrifning asosiy tadbirlari 28-may kuni bo‘lib o‘tdi. Ko‘ksaroy qarorgohida Latviya Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi, deb xabar berdi O‘zA.
Prezidentlar tor doiradagi suhbat chog‘ida o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama etdilar, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar mustaqillik yillarida shakllangan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ijobiy tajribasiga tayanadi. Latviya delegatsiyasining ushbu tashrifi o‘zaro hurmat va teng huquqlilikka asoslangan sheriklik munosabatlarimiz rivojida muhim voqea, oliy darajadagi doimiy siyosiy muloqotlarning mantiqiy davomidir, – dedi O‘zbekiston rahbari.
Andris Berzinsh Latviya O‘zbekistonga ulkan iqtisodiy salohiyatga ega mamlakat, vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli hamkor sifatida qarashini qayd etdi.
– Davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar keng ko‘lamli va mustahkam. Prezident Islom Karimovning bu boradagi xizmatlarini, o‘zaro hamkorligimiz va xalqaro hayotda ro‘y berayotgan jarayonlarga oid qarashlarini yuksak qadrlaymiz, – dedi Latviya Prezidenti.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash tarafdori ekanini bildirdilar. Islom Karimov Latviya Respublikasiga 2015-yilning birinchi yarmida Yevropa Ittifoqiga raislik qilishda muvaffaqiyat tilab, Markaziy Osiyo mavzusi Latviya raisligining ustuvor yo‘nalishlari qatoriga kiritilganini yuqori baholadi.
Muzokaralar chog‘ida terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashishga oid masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Bu sohada 2002-yilda imzolangan Uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, narkotik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda hamkorlikka oid bitimga muvofiq tuzilgan O‘zbekiston – Latviya qo‘shma komissiyasi muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.
Prezidentlar mintaqaning transchegaraviy daryolarida yirik gidroenergetika inshootlarini qurish ularning ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy xavfsizlikka ta’siri bo‘yicha majburiy obyektiv xalqaro ekspertiza o‘tkazilganidan so‘nggina amalga oshirilishi zarurligi haqidagi Yevropa Ittifoqi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladilar.
Ko‘ksaroy qarorgohidagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinshning Qo‘shma bayonoti qabul qilindi.
Shuningdek, Diplomatik pasport egalarining o‘zaro vizasiz safarlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, Qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida hamkorlik haqidagi memorandum, 2014–2016-yillarga mo‘ljallangan Madaniy hamkorlik dasturiga oid hujjatlar imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda ikki davlat rahbarlari muzokaralar o‘zaro ishonch va ishchanlik ruhida o‘tganini, erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston – Latviya munosabatlarini yanada rivojlantirish va ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar. Tomonlar ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan yondashuv va pozitsiyalari o‘xshash va yaqin ekanligini qayd etdi.
Davlat rahbarlari bunday muloqotlarni izchil davom ettirish, barcha sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini bildirdi.
Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinshning O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
Izoh (0)