Ukraina Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi Mixail Oxendovskiy prezidentlik saylovlarining ikkinchi turini o‘tkazish uchun zarurat yo‘qligini ma’lum qildi. Bu haqda “Segodnya.ua” xabar bermoqda.
“Kun”ning yozishicha, 25-may, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan avvalgi prezidentlik saylovlarida berilgan ovozlarning 88 foizi hisob-kitobiga ko‘ra, milliarder Pyotr Poroshenkoni Ukrainaning qonuniy yangi saylangan davlat rahbari deb hisoblash mumkin.
“Hozirdanoq muhim bir xulosa qilish mumkin — takroriy ovoz berish jarayonini tashkil qilish uchun zarurat yo‘q. 2014-yilning 25-may kuni Ukrainaning yangi prezidenti saylandi va barcha zaruriy yuridik jarayonlar yakuniga yetganidan so‘ng, qayd etib o‘taman, prezidentlikka nomzod Pyotr Alekseyevich Poroshenko yangi prezidentga aylanadi”, — dedi Oxendovskiy.
Avvalroq, ekzit-pollar natijasiga ko‘ra, Pyotr Poroshenko saylovchilarning 55 foizdan ko‘proq ovozini to‘plagani, uning eng yaqin ta’qibchisi Yuliya Timoshenko esa 13 foizga yaqin ovoz olgani haqida xabar berilgan edi. Bundan tashqari, Poroshenkoning o‘zi MSK natijalari e’lon qilinishidan avvalroq saylovdagi o‘z g‘alabasiga shubha qilmayotganini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)