Namangan viloyati Chortoq tumanidagi kollejlardan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlab kelayotgan Dilnur Xurramova tanishi Dilobar Hakimova bilan “Chortoq dehqon bozori” hududida bir fuqaroga 5561 AQSh dollarini 15 million 349 ming so‘mga sotayotgan paytda fosh qilindi. Ulardagi 5561 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida olindi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish (SVOJJDLQK) departamentining Chortoq tuman bo‘lim boshlig‘i Bahodir Qobilovning ma’lum qilishicha, Dilnur Xurramova va Dilobar Hakimova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topildi. Ularga sud tomonidan hukm chiqarilib, eng kam oylik ish haqining 30 baravari miqdoridan jarima jazosi tayinlandi. Ashyoviy dalil sifatida olingan 5561 AQSh dollari davlat tasarrufiga o‘tkazildi.
Izoh (0)