Poytaxtda badiiy gimnastika bo‘yicha davom etayotgan jahon kubogi bosqichi va Happy Caravan xalqaro turnirida dastlabki g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Happy Caravan xalqaro turnirining jamoaviy ko‘pkurash bahslarida ishtirok etgan Anora Davlatova, Nilufar Shomurodova va Jasmin Yusupovadan iborat O‘zbekiston terma jamoasi kumush medalni qo‘lga kiritdi. Gimnastikachilarning xalqa, to‘p, bulava va tasmada bajargan mashqlari hakamlar tomonidan 58,05 ballga baholandi.
– Turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etganimizdan xursandmiz, – deydi A. Davlatova. – Kelajakda nufuzli musobaqalarda munosib qatnashib, davlatimiz bayrog‘ini bundanda balandroq ko‘tarish uchun bor mahoratimizni ishga solamiz.
Birinchi o‘rinni rossiyalik gimnastikachilar egallagan bo‘lsa, bronza medal ozarbayjonlik qizlarga nasib etdi.
Guruh bahslarida ham o‘zbekistonlik sportchilar munosib ishtirok etdi. To‘p va bulavada mashq bajarish bo‘yicha Komila Rustamova, Sabrina Ramazonova, Go‘zal Raymanova, Farangiz Ahmedova, Irina Salex va Karina Tog‘ayevadan iborat guruh kumush, Asal Ahmedova, Saida Davidova, Nigina Qudratullayeva, Yuliya Nushtayeva va Alena Grubovadan iborat guruh bronza medallar bilan taqdirlandi. Bu bahsda oltin medal xitoylik gimnastikachilarga nasib etdi.
Izoh (0)