Buxoroda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Siz qonunni bilasizmi?” respublika ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 14 jamoa g‘oliblik uchun bahslashdi.
– Tanlovda ishtirok etuvchilarning soni yil sayin ortib bormoqda. Masalan, 2013-yilda quyi bosqichlarda 50 ming nafarga yaqin yosh ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich qariyb 55 mingga yetdi, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari F. Muhammadjonova.
Tanlovda ishtirokchilarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oila va Mehnat kodekslarining yoshlarga oid bandlari hamda Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga saylovlar, saylovchilarning huquqlari, aholini ish bilan ta’minlashga oid qonunlar, hukumat qarorlari bo‘yicha huquqiy bilim darajasi savol-javoblar orqali aniqlandi.
“O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahriri loyihasi bo‘yicha takliflar taqdimoti huquqiy bilimdonlik ko‘rigida muhim yangilik bo‘ldi. Tanlovda jamoalar mazkur loyiha bo‘yicha yuzga yaqin takliflarini namoyish etdi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi 3-akademik litseyning “Femida” jamoasi tanlov g‘olibi, deb topildi. Ikkinchi o‘rinni Buxoro iqtisodiyot va bank kasb-hunar kollejining “Parlament” jamoasi egalladi. Uchinchi o‘rin Navoiy viloyati, Xatirchi tumanidagi agroservis kasb-hunar kollejining “Adolat” jamoasiga nasib etdi.
Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar qimmatbaho sovg‘a va diplomlar bilan taqdirlandi.
Izoh (0)