Samarqandda “Yuksak ma’naviyatli avlod” yoshlar festivalining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zA.
Festivalda tanlovning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 350 dan ortiq iqtidorli yigit-qizlar “Prezident asarlari bilimdoni”, “Eng yangi tarix bilimdoni”, “O‘z asarida milliylikni aks ettirgan rassom”, “O‘z asarida milliylikni aks ettirgan dizayner”, “Vatan kuychisi”, “Eng iqtidorli hunarmand”, “Badiiy ijod”, zamonaviy ilm-fan yo‘nalishidagi “Yuksak ma’naviyatli avlod” nominatsiyalari bo‘yicha bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Ishtirokchilarning ijodiy ishlari 14—16, 17—19, 19—25 yosh toifalari bo‘yicha alohida tartibda baholandi va sakkiz nominatsiya bo‘yicha 24 nafar g‘olib aniqlanib, ular tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
– Ipak matoga gul bosish hunari bilan oilaviy shug‘ullanamiz, – deydi “Eng iqtidorli hunarmand” nominatsiyasi g‘olibi, Samarqand san’at kolleji o‘quvchisi Komila G‘aniyeva. – Hozirda kasb sirlarini puxta egallab, uni tengdoshlarimga ham o‘rgatyapman. Ushbu harakat va intilishlarim yuqori baholanib, tanlov g‘olibi bo‘lganimdan xursandman.
Festival doirasida har bir yo‘nalish bo‘yicha soha mutaxassislari, olimlar, shoir va yozuvchilar tomonidan yoshlar uchun mahorat mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Izoh (0)