Global ekologik jamg‘armaning O‘zbekistondagi Kichik grantlar dasturi tomonidan “Fotoov” tanlovi e’lon qilindi. Unda o‘z o‘lkasining bioxilma-xilliklarini sevib, ularni ardoqlashga hissa qo‘shishni xohlagan barcha o‘zbekistonliklar qatnashishi mumkin, deb yozadi “Turkiston press”.
Tanlovda ishtirok etishni istaganlar o‘zining yangi, hech qayerda e’lon qilinmagan fotosuratlarini 2014-yilning 18-mayiga qadar taqdim qilishi mumkin. Xohlovchilar suratlarni fotoohota2014@yandex.ru elektron manziliga yuborishi lozim.
Tanlovning asosiy mavzusi bioxilma-xillik tushunchasiga qaratilgan bo‘lib, barcha yo‘nalishlar ushbu tushuncha bilan bevosita bog‘liqdir. Tanlov beshta yo‘nalishdan iborat. Ya’ni tanlovga “Ekotizim xizmatlari”, “Bioxilma-xillik”, “Probirkadagi oziq-ovqatlar”, “Ekologiyada mening o‘rnim”, “Hamma joyda hayot bor” mavzulariga oid fotosuratlar qabul qilinadi.
Shu bilan birga tanlovga topshiriladigan fotosuratlar hajmi ikki megapikseldan kichik bo‘lmasligi kerak. Bunda katta fotosuratlarni qirqib, hajmini o‘zgartirib taqdim qilish ham mumkin. Mualliflar tomonidan topshiriladigan fotonamunalarga boshqa o‘zgartishlar kiritish mumkin emas. Tanlovga faqat muallifning o‘zi tomonidan olingan suratlar qabul qilinadi.
Ta’kidlash joiz, tanlovga taqdim etilgan fotosuratlarni biolog, fotograf, jurnalist, shuningdek, Kichik grantlar dasturi va O‘zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutaxassislaridan iborat malakali hakamlar hay’ati baholab boradi.
Tanlov natijalari 2014-yil 22-may kuni jurnalistlar uchun tashkil etiladigan seminarda e’lon qilinadi. Fototanlov doirasidagi uchta asosiy o‘rin sohiblari qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlanadi.
Izoh (0)