Germaniyaning GEO-NET Umweltconsulting GmbH kompaniyasi 2014—2015-yillarda O‘zbekistonning shamol energiyasi salohiyatini baholab chiqadi. Bu haqda, Gazeta.uz xabariga ko‘ra, “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi istiqbolli rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Ortiqov ma’lum qilgan.
Ortiqovning aniqlik kiritishicha, Germaniya kompaniyasi O‘zbekistonning olti mintaqasida shamol elektr energetikasi salohiyatini o‘rganish bo‘yicha “O‘zbekenergo” bilan shartnoma imzolagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “tadqiqot shamolning soniyasiga 100 metr bo‘lgan yillik o‘rtacha shiddatida elektr energiyani sanoat darajasida ishlab chiqarish imkoniyatlarini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi”.
GEO-NET tadqiqoti yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston shamol energetika qurilmalari (ShEQ) parkini tashkil etish loyihasining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqishga kirishilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq, “O‘zbekenergo” 2020-yilgacha dastlabki qiymati 200 million dollarga yaqin bo‘lgan ShEQ parkini qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
“Kun”ning ma’lum qilishicha, ShEQ dasturi bo‘yicha har birining quvvati 2—3 megavatt bo‘lgan shamol generatorlarini istiqbolli hududlarda bir vaqtning o‘zida 50 dan 100 megavattgacha quvvat chiqara oladigan qilib qurishni ko‘zda tutadi.
“O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston ShEQlarni qurish uchun eng maqbul joylar sifatida Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston va boshqa hududlar ko‘rsatilgan.
“Klassik energetika tizimi barcha ehtiyojlarni qondirish imkoniga ega emas va muammo ishlab chiqarilayotgan elektr energiya hajmida emas, balki uni iste’molchiga yetkazib berishda. 20—30 xonadon joylashgan aholi punktiga yuzlab kilometrlik elektr liniyalarini o‘tkazish maqsadga muvofiq emas, u o‘zini 50 yilda ham qoplay olmaydi”, — deydi “O‘zbekenergo” mutaxassisi Anvar Jumayev.
Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, qishloq aholisini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 150 megavatt quvvat yetadi.
Biroq kichik aholi punktlari ma’lum bir hududda tarqoq joylashgan bo‘lib, ular uchun mahalliy energiya qurilmalarini o‘rnatish foydaliroqdir.
Izoh (0)