Tailand poytaxti Bangkok shahrida erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha o‘smir va qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik yosh polvonlar ham munosib ishtirok etmoqda, deb yozadi O‘zA.
Mazkur nufuzli musobaqada qit’amizning eng iqtidorli yosh kurashchilari sovrinli o‘rinlar va 2014-yil 16—28-avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida o‘smirlar o‘rtasida bo‘ladigan II Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun bahslashmoqda.
O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasidan ma’lum qilishlaricha, Osiyo chempionatining yunon-rum kurashi bo‘yicha vazni 50 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida Ilhom Bahromov barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi va II o‘smirlar Olimpiadasiga yo‘llanma oldi.
Ushbu vaznda eronlik Muhammadrizo Alirizo Aganiachari kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qozog‘istonlik Alisher Tugenov va KXDR vakili Yong Jin Ro bronza medalga loyiq topildi.
Polvonlarimizdan Jasurbek Ortiqboyev yunon-rum kurashi, Sardorbek Xolmatov erkin kurash bo‘yicha o‘z vazn toifalarida bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)