O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 5-may kuni Oqsaroyda Yaponiya Bosh vazirining o‘rinbosari, moliya vaziri Taro Asoni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Islom Karimov Taro Asoni ushbu tashrif davomida unga O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasining Faxriy doktori unvoni berilgani bilan tabrikladi.
Uchrashuvda energetika, kon sanoati, neft-gaz, kimyo, elektrotexnika, avtomobilsozlik va telekommunikatsiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
O‘zA ma’lumotiga ko‘ra, 2013-yilda O‘zbekistonning Yaponiya bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 215,2 million AQSh dollaridan oshgan. Yaponiya tomonidan O‘zbekistonga kiritilgan moliya vositalarining umumiy hajmi 2,32 milliard dollarni tashkil etadi.
Yaponiyalik hamkorlar “Ko‘kdumaloq” konida kompressor stansiyasini va Buxoro neftni qayta ishlash zavodini qurish, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini rekonstruksiya qilish, Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlarini modernizatsiyalash kabi yirik loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi.
Bugungi kunda Qarshi—Termiz temir yo‘l tarmog‘ini elektrlashtirish, Navoiydagi issiqlik elektr stansiyasini kengaytirish va Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)