Germaniya AQShning Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish haqidagi tashabbusiga qo‘shilmoqchi emas. Bu haqda The Wall Street Journal gazetasida e’lon qilingan maqolaga asoslanib, “ITAR-TASS” xabar berdi.
Nashr manbalarining aytishicha, Germaniyaning Siemens, Volkswagen, Adidas va Deutsche Bank kabi eng yirik kompaniyalari Rossiyaga kiritiladigan yanada kengroq iqtisodiy sanksiyalarga qarshi chiqishini e’lon qilgan.
Ukrainadagi tanglik chuqurlashib borishi bilan Germaniya rasmiy shaxslariga kompaniyalardan qo‘ng‘iroqlar kelib tusha boshlagan. “Bizning Rossiyadagi iqtisodiy manfaatlarimizga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan tadbirlarni amalga oshirmang”, — deya talab qilgan ular.
Kansler Angela Merkel AQSh prezidenti bilan bo‘ladigan uchrashuvda Germaniya ishbilarmon doiralarining aynan shunday fikrlarini yetkazmoqchi.
Nashrning qayd etishicha, xuddi shu sabab tufayli Italiya va Gretsiya ham Rossiyaga nisbatan qat’iyroq choralar ko‘rilishini qoralagan. Shuningdek, Vashingtonning eng yaqin harbiy ittifoqdoshlaridan Yaponiya, Misr va Isroil Obama ma’muriyatini “G‘arb mamlakatlari va Rossiya rahbariyati o‘rtasidagi aloqalarni butunlay uzishi mumkin bo‘lgan” qadamlardan ogoh qilmoqda.
Izoh (0)