O‘zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limining ko‘rgazmalar saroyida “Ranglar dunyosi” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Sog‘lom bola yili munosabati bilan tashkil etilgan ko‘rgazmada qoraqalpog‘istonlik 18 nafar taniqli rassomning 40 dan ziyod kartinalari namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston xalq rassomi Jo‘lliboy Izentayevning “Natyurmort”, Jenis Lepesovning “Ona”, “Jayhun go‘zali”, Sarsenboy Boybo‘sinovning “Kun botayotgandagi iliqlik”, Bozorboy Serekeyevning “Ilk qadam”, “Bola tushi”, yosh rassomlar Mirzabek Qozoqboyevning “Sog‘inch”, Najimatdin Shukurillayevning “Orolga borgan qiz”, “Qizketken”, O‘ng‘ar Jamiyevning “Kuz” kabi kartinalari muxlis va mutaxassislarda, ayniqsa, katta qiziqish uyg‘otmoqda.
– Har bir asar o‘ziga xos mavzusi, ranglar jilosi, ishlanish texnikasi bilan ajaralib turadi, – deydi Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, rassom Abdulla Rajapov. – Musavvirning dunyoqarashi, olamni idrok etishi, tabiatning ko‘z ilg‘amas jilolarini ko‘ra bilishi namoyon bo‘lgan kartinalar tomoshabinlarga manzur bo‘lmoqda.
Izoh (0)