29-aprel kuni Xitoy, Fransiya, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQShdan iborat beshta yadro mamlakatlari qaror imzoladi. Unga ko‘ra, ushbu davlatlar Markaziy Osiyo mamlakatlariga qarshi yadro quroli ishlatmaslik, tahdid qilmaslik yoki ushbu hududda yadro quroli bilan bog‘liq ishlab chiqishni amalga oshirmaslik majburiyatini oldi. Bu haqda National Journal xabar berdi.
Anhor.uz yozishicha, kelishuv O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan iborat Markaziy Osiyoni “Yadro qurolidan xoli hudud” sifatida tan oladi. Ushbu davlatlar har qanday yadroviy faollikdan bosh tortishga kelishib olgan va boshqa davlatlarni ham ushbu kelishuvni hurmat qilishga da’vat etadi.
Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli hudud deb e’lon qiluvchi bitim 2009-yilda tuzilgan bo‘lsa-da, undagi bandlardan biri ushbu besh mamlakat uni endi tan olishiga sababchidir. Mazkur bandda aytilishicha, “bitim avval tuzilgan boshqa kelishuvlar bo‘yicha tomonlar huquq va majburiyatlariga tegishli bo‘lmaydi”.
Shu tufayli, AQSh sobiq prezidenti Jorj Bush bitimni imzolashdan bosh tortgan edi. U agar protokolni imzolasa, o‘sha paytda umumiy xavfsizlik haqidagi kelishuv tashkiloti (UXKT) a’zolari bo‘lgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududiga Rossiya yadro poligonlari kiritganida, AQSh ilojsiz qolishini taxmin qilgan.
Biroq Oq uyga Barak Obama kelishi bilan muzokaralar yangilandi va oradan besh yil o‘tib, beshta mamlakat bitimni tan olish haqida qaror imzoladi.
Izoh (0)