Urganch shahrida “‘Kamolot’ shaxmat taxtasi” VII an’anaviy respublika turnirining final bosqichi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
– “‘Kamolot’ shaxmat taxtasi” an’anaviy turniri 5 yosh toifasidagi o‘g‘il va qizlar o‘rtasida o‘tkazib kelinmoqda, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Sarvar Ashurov. – 2013-yilda turnirning hududiy bosqichlarida 245 ming nafar yosh qatnashgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 450 ming nafardan oshdi. Saralash bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan 1900 nafardan ziyod havaskor shaxmatchining 140 nafari turnirning final bosqichida bellashdi.
Musobaqaning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarida Toshkent viloyatidan Olmos Rahmatullayev, farg‘onalik Jasur Hakimov va Asilbek Sobirov, navoiylik Alisher Eshpo‘latov va qoraqalpog‘istonlik Zayniddin Karimboyev o‘z yosh toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Qizlar o‘rtasida xorazmlik Sohiba Baxtiyorova, Toshkent shahridan Sarvinoz Qilicheva, qashqadaryolik Xolida Nomozova, navoiylik Marjona O‘ktamova, jizzaxlik Iroda Jafarova o‘z yosh toifalariga ko‘ra birinchi o‘rinni egalladi.
– Ikki yildan buyon shaxmat bilan muntazam shug‘ullanaman, – deydi Xolida Nomozova. – Musobaqadan olgan taassurotlarim bir olam. Bu kabi turnirlar kelajakda yanada yuqori natijalarni qo‘lga kiritishimizda muhim ahamiyat kasb etadi.
Musobaqa g‘oliblari va faol ishtirokchilari tashkilotchilarning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Izoh (0)