Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) O‘zbekiston hukumati va mamlakatdagi ijtimoiy hamkorlar bilan 2014—2016-yillar uchun texnik hamkorlik dasturini imzoladi. Bu haqda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.
Adolatli mehnat dasturini 25-aprel kuni Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vaziri Ahmat Hayitov, Savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva imzoladi.
XMT nomidan dasturni Adolatli mehnat masalalari bo‘yicha texnik ko‘mak guruhi hamda Sharqiy va Markaziy Osiyo uchun XMT byurosi direktori Dimitrina Dimitrova imzoladi.
Adolatli mehnat dasturi XMT va O‘zbekiston hamkorligining chegaralari va muhim masalalarini belgilaydi. U mehnat sohasiga xalqaro mehnat me’yorlari, qoidalari va tamoyillarini kiritish, ijtimoiy dialogni rivojlantirish va boshqalarni nazarda tutadi.
Shuningdek, dastur bolalar mehnatidan foydalanishni bartaraf etish Milliy rejasi amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlaydi. U qishloq xo‘jaligi, jumladan paxtakorlikda mehnat va bandlik sharoitlarini yaxshilashga ham yo‘naltiriladi.
Izoh (0)