UzCard onlayn kartochkalari egalari uchun yangi MBank mobil dasturi ishga tushirildi. Dastur yordamida kommunal va boshqa xizmatlar uchun to‘lovni internet orqali amalga oshirish, kartochka balansida qolgan mablag‘ni tekshirish mumkin. Buning uchun foydalanuvchida SMS-axborot xizmati yoqilgan bo‘lishi lozim. Bu haqda “Yagona umumrespublika protsessing markazi”(YaUPM) sayti xabar beradi.
Shuningdek, “Aloqabank” mijozlari — bankda o‘z hisob raqamiga ega bo‘lgan ham jismoniy, ham yuridik shaxslar hisob raqamlarini istalgan vaqtda, kompyutersiz va buxgalter xizmati yordamisiz, oson hamda masofadan turib boshqarishi mumkin.
“Aloqabank”da o‘z hisob raqamiga ega bo‘lgan shaxs bankka tashrif buyurib, zarur hujjatlarni imzolashi kerak. Shundan so‘ng operator dasturni mijozning telefoniga yuklab beradi va keyin xizmatlardan foydalanish bepul bo‘ladi.
“Aloqabank”da o‘z hisob raqamiga ega bo‘lmagan shaxslar bankning istalgan filialiga murojaat etishi mumkin. U yerda bank xodimlari murojaat etuvchi nomiga hisob raqami ochadi va mijoz uchun Mobil Bankni rasmiylashtiradi.
YaUPM saytida qayd etilishicha, yangi mobil dastur yordamida internet, kommunal xizmatlar, YHXBB jarimalari, soliq, bojxona to‘lovlari, avia va temir yo‘l chiptalari, benzin xaridi uchun to‘lovlarni amalga oshirish hamda kreditlarni qaytarish mumkin bo‘ladi.
Mobil Bank dasturini yuklab olishni istaganlar ushbu manzildan batafsil ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)