O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2010-yil fevral oyida Janubiy Koreyaga qilgan tashrifi chog‘ida Toshkent va Seul shaharlari ma’muriyatlari vakillari o‘rtasida Toshkentdagi “Seul bog‘i”ni qurish bo‘yicha kelishuv imzolangan edi, deb xabar bermoqda “Jahon” axborot agentligi ma’lumotiga tayanib UzReport.
Koreya tomonidan moliyalashtiriluvchi Toshkentdagi “Seul bog‘i”ni qurishdan asosiy maqsad Janubiy Koreya madaniyati, an’analari, milliy xususiyatlarini targ‘ib etishga, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashishdan iborat. Hozirda poytaxtdagi Bobur istirohat bog‘i hududida madaniy obyektning qurilish ishlari olib borilmoqda. Uning umumiy maydoni 17,5 gektar bo‘lib, ko‘kalamzorlashtirilgan hudud 7 gektarni tashkil etadi.
2001-yildan buyon Toshkentda Mitsui and Co, Shimidzu kabi yapon kompaniyalari hamda JICA xalqaro hamkorlik yapon agentligi ishtirokida barpo etilgan Yapon bog‘i faoliyat yuritib kelmoqda. Qayd etish joiz, ushbu bog‘ poytaxt aholisi va mehmonlarining eng sevimli joylaridan biriga aylandi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar hokimiyati.