O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasida davlat soliq xizmati organlari faoliyatining I chorak yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda 2014-yil I choragi uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining ijrosi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalarga tushumlarni ta’minlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan Namangan, Samarqand, Sirdaryo va Andijon viloyatlari davlat soliq organlari rahbarlarining hisobotlari eshitilib, ularning mazkur yo‘nalishdagi faoliyati qoniqarsiz, deb topildi hamda II chorak prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz bajarishga doir chora-tadbirlar belgilab olindi.
Muhokamada markaziy apparat tarkibiy tuzilmalari va hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbarlarining hisobotlari eshitilib, faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan uch nafar rahbar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 32 nafariga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Bundan tashqari, davlat soliq xizmati organlari zimmasiga yuklatilgan dolzarb vazifalarni sifatli bajarish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shu bilan birga, soliq to‘lovchi jismoniy shaxslardan 2013-yilgi jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyalarni qabul qilish natijalari sarhisob qilinib, Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida bu boradagi tadbirlar to‘liq yakunlanmagani uchun mutasaddi rahbarlarning mas’uliyati ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)