Amerikalik 16 yoshli o‘smir bola San-Xosedan Gavayi orollariga uchgan samolyot shassisida Tinch okeanining yarmini kesib o‘tishning uddasidan chiqqan, deya xabar beradi Associated Press agentligi ma’lumotlariga tayanib “RIA Novosti”.
AQSh Federal tergov byurosining ma’lum qilishicha, ushbu voqea yakshanba kuni sodir bo‘lgan. O‘smirni Gavayi orollaridagi Maui aeroportining quruqlikdagi xizmati xodimlari payqab qolishgan. Kislorod taqchilligi o‘ta yuqori bo‘lgan 11 kilometrdan baland qatlamda uchgan samolyot shassisida bola jon saqlab qola olgan.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, o‘smir San-Xose aeroporti to‘siqlaridan oshib o‘tib, samolyot shassisiga o‘rnashib olgan. Bola o‘z oilasidan qochib ketish maqsadida bunday qarorga kelgan. Endilikda u mehribonlik organlari ixtiyoriga topshirildi.
Inson samolyot shassisida qanday qilib uchishi mumkin? 9-iyun kuni 20 yoshli rumin yigit Vena—London yo‘nalishida harakatlanayotgan Birlashgan Arab Amirliklarining hukumat samolyoti shassisida uchgan. Unga havoning yomonligi qo‘l kelgan. Layner chaqmoqlar tufayli pastroq uchishga majbur bo‘lgan. Samolyot “Xitrou” aeroportiga qo‘nishi bilan “norasmiy vakil” shassi lyukidan kichik yara-chaqalar va biroz muzlagan holatda chiqib kelgan.
Izoh (0)