Nukusda an’anaviy “Kasaba – tur” velomarafonining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan tashkil etilgan musobaqada 375 nafar havaskor velosportchi ishtirok etdi.
– An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu musobaqalarda ishtirokchilar soni yildan-yilga ortib borayotgani, ular orasida hatto 70 yoshdan oshganlar ham ko‘pligi kishini quvontiradi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi o‘rinbosari Hasen Yermag‘anbetov.
Musobaqa shartiga ko‘ra, 20–35 yoshdagi velosportchilar o‘n kilometr, 35 yosh va undan kattalar esa besh kilometr masofada o‘zaro kuch sinashdi.
20–35 yoshdagi ishtirokchilar orasida Pana Davletboyev va Qirmizi Begjanova, 35 yoshdan kattalar o‘rtasida Quvonch Qudaybergenov va Sarvinoz O‘tembetova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, musobaqaning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
– Ko‘pdan beri velosiped haydashga qiziqaman, – deydi Sarvinoz O‘tembetova. – Bu salomatlikka foyda bo‘lishi bilan birga vaqtingizni ham tejaydi.
“Eng mohir poygachi”, “G‘alabaga bo‘lgan ishonchi uchun” kabi o‘nga yaqin nominatsiya bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib taqdirlandi.
Izoh (0)