Buxoroda viloyat hokimligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi hamkorligida “Bolalarga bering dunyoni!” shiori ostida bolalar san’at festivali o‘tkazildi, deb yozadi O‘zA.
Ayni paytda viloyatdagi musiqa va san’at maktablarida 2900 nafardan ziyod o‘g‘il-qiz san’atning turli yo‘nalishlarida tahsil olmoqda. Festivalda ana shu yoshlar, “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazlari qoshidagi to‘garaklar tarbiyalanuvchilari o‘z iste’dodini namoyish etdi.
“Ko‘hna zamin ohanglari” respublika telefestivali ishtirokchilari Sano Nazarov, Bahodir Zaripov, shuningdek, Sitora Umarova, Laziza Nizomova, Mohichehra Samiyeva, Gulchiroy Baxshullayeva kabi yosh iste’dod egalari ijrosidagi Vatan, istiqlol, yoshlik va go‘zallikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
– Bugungi tadbirda ko‘plab iste’dodli yoshlar voyaga yetayotganiga guvoh bo‘ldim, – deydi “Nihol” mukofoti sovrindori Yulduz Turdiyeva. – Ushbu festival jajji ijrochilarning o‘ziga xos taqdimotiga ham aylandi.
Tadbir so‘ngida festivalning faol ishtirokchilari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Izoh (0)