Boku shahridagi xalqaro mug‘om (maqom) markazida taniqli o‘zbek xonandasi Sevara Nazarxonning “Yangi ipak yo‘li” deb nomlangan ilk solo-konserti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Trend internet nashri xabariga tayanib “Turkiston press” ma’lum qildi.
“Caspian” jurnali homiyligida tashkil qilingan ushbu konsertga juda ko‘p haqiqiy maqom muxlislari to‘plandi. Unda o‘zbek milliy ashulalari ijrochisi Sevara Nazarxon o‘zbek va rus tillaridagi qo‘shiqlari bilan tomoshabinlarga xush kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, uning etno-kompozitsiyalar vositasida havola etgan chiqishlari muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Ta’kidlash joiz, konsert yakunida Sevara Nazarxon tomoshabinlarga ozarbayjonlik san’atkorlar: Ravshan Gurbanov va Elnur Zeynalov jo‘rligida ijro etgan ikkita yangi qo‘shiqni hadya etdi. Bu qo‘shiqlar Ozarbayjon mug‘omi sifatida tanilgan “Bayoti-Sheroz” hamda o‘zbek milliy kuylari uyg‘unligida yaratilgan.
Xonandaning vokal ijrochilik mahoratini ham muxlislar olqishlar bilan kutib oldi. O‘zbek milliy kuylari va ashulalaridan tashkil topgan bu konsert bokulik musiqa shaydolari qalbida o‘chmas iz qoldirdi, — deya ta’kidlaydi Trend internet nashri.
Izoh (0)