Yevropa Kengashining Parlament assambleyasi 9-aprel kungi yig‘ilishida Rossiyaning Qrimni qo‘shib olganligini qoralab, uni yarimoroldan tezda qo‘shinlarini olib chiqib ketishga chaqirdi. Bu haqda Gazeta.ru xabar qilmoqda.
Nashrning yozishicha, Ukraina janubi-g‘arbida, xususan, Luganskda ahvol yanada jiddiy tus olishi mumkin. Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov esa bu yerda “ayirmachilik muammosi 48 soat davomida hal etilishi”ni ma’lum qilgan.
“Assambleya Rossiyaning harbiy tajovuzini va Qrimni bosib olganligini qat’iyan qoralaydi. Bu BMT Nizomi, Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Xelsinki akti hamda Yevropa Kengashining Nizomi va asosiy qoidalari talablarini yaqqol buzishdir”, – deyiladi Assembleya tomonidan tasdiqlangan rezolyutsiyada.
Ukraina tomoni esa rezolyutsiyaga Moskvani o‘z qo‘shinlarini Qrimdan olib chiqib ketishga chaqiruvchi tuzatishni kiritdi. Hujjat ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi: uni 140 nafar a’zo ma’qulladi, 32 nafari qarshi ovoz berdi, 9 nafari esa betaraf qoldi.
“Qrimda joylashgan Qora dengiz floti bo‘yicha 1997-yilda tuzilgan bitimning Rossiya Federatsiyasi tomonidan bekor qilinganligi munosabati bilan, Assambleya Rossiyani zudlik bilan Qrimdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga chaqiradi”, – deyiladi tuzatish matnida.
Rossiyaning rasmiy kishilari esa Yevropa Kengashining Parlament assambleyasi rezolyutsiyalari ahamiyat qaratishga arzimasligini keyingi kunlarda tobora ko‘proq ta’kidlayotgan edilar, deyiladi xabarda.
Izoh (0)