AQShning Yuta shtati fuqarosi o‘g‘lining Facebook’dagi shaxsiy sahifasida tengdoshlari tomonidan qilingan tahdidlarni ko‘rib qolib, politsiyaga xabar berdi. Bu haqda CNet ma’lumotiga asoslanib Tjournal nashri xabar berdi.
Unda Solt-Leyk-Sitida istiqomat qiluvchi ikki nafar o‘smirlar o‘z tengquriga o‘lim bilan tahdid qilgan va uning maktabiga borib otib tashlashini yozgan.
Xavotirga tushgan ona maktab ma’muriyatiga murojaat etgan, ular politsiya bilan bog‘lanishga qaror qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ikkala jinoyatchi o‘smirlar ham 16—17 yoshlarda bo‘lib, maktabda o‘qimagan. Qo‘lga olingan vaqtda esa ularning yonidan giyohvand moddalar va o‘qlangan to‘pponcha topilgan.
“Yigitlar Facebook’da yozganidek aynan va’da qilingan joyga qurol bilan kelgan. Menimcha, bu haqiqiy tahdidni anglatadi. Internetda qilayotgan har qanday harakatimizning oqibati bo‘lishini unutmasligimiz kerak”, — deydi Solt-Leyk-Siti politsiya xodimi Greg Uilking.
Qo‘lga olingan o‘smirlarni qanday jazo kutayotgani hozircha noma’lum.
2013-yilning avgust oyida Nyu-York politsiyasi noqonuniy qurol savdosi bilan bog‘liq tarixdagi eng katta ishni fosh etgan edi. Ushbu ishni ochishga Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi rasm sabab bo‘lgan. Unda to‘pponcha va pul ko‘targan reper Mettyu Best aks etgan.
Izoh (0)