Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga ko‘ra “O‘zbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan “Tog‘a” badiiy filmining namoyishi va kartina ijodkorlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Filmda tasvirlangan voqealar o‘tgan asrning 80-yillarida Buxoro shahrida bo‘lib o‘tadi. Otasiz oilada voyaga yetayotgan Sanjar yozgi ta’til davrida tog‘asining uyiga mehmonga borib, bir muddat u yerda yashaydi. Uning tog‘asi – Jumash aka tabiatan quvnoq, hazilkash inson. Biroq turmush o‘rtog‘i bilan befarzandlikdan aziyat chekadi. Turli yumushlarda tog‘asiga qarashgan Sanjar qat’iyat, iroda, maqsad sari intiluvchanlik, mehnatsevarlik, halollik kabi fazilatlarni aynan tog‘asidan o‘rganadi. Bu fazilatlar unga kelgusida yaxshi inson, mohir shaxmatchi bo‘lib shakllanishida asosiy omil vazifasini o‘taydi.
Film o‘g‘il-qiz tarbiyasi, kamolotida ota-onaning mas’uliyati, burchi haqida qiziqarli voqealar, lavhalar yordamida hikoya qiladi.
Ssenariy muallifi va postanovkachi rejissor — Rashid Malikov. Filmdagi asosiy rollarni Bobur Yo‘ldoshev, Boris G‘afurov, Nigora Karimboyeva, Abbos Nig‘monov, Feruza Sobitova, Ali Choriyev, Ra’no Shodiyeva singari aktyorlar ijro etgan.
Izoh (0)