Samarqand shahridagi O‘zbekiston madaniyati tarixi muzeyida Amir Temur va temuriylar tarixini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Samarqanddagi Amir Temur haykali. Foto: myuzbekistan.net

Samarqanddagi Amir Temur haykali. Foto: myuzbekistan.net

Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi va Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda tarixchi olimlar, yosh tadqiqotchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi.

– Temuriylar davriga oid muhim va qimmatli manbalardan biri bu arab muarrixi Ahmad ibn Arabshohning 1436—1437-yillarda yozilgan “Temur tarixi ajoyibotlari” asaridir, – deydi tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov. – Ushbu asarda boshqa manbalardan farqli ravishda Sohibqironning surati va siyrati juda chiroyli va aniq tasvirlangan. Unda Amir Temurning xizmatlari, bunyodkorlik ishlari, olimu fuzalolar bilan suhbati haqida g‘oyat qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Bugungi kunda ushbu asarni yanada chuqurroq o‘rganish va boshqa manbalar bilan solishtirgan holda tadqiq qilish olimlarimiz oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

Konferensiyada temuriylar davrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, ilm-fan, madaniyat va san’at rivojiga qaratilgan e’tibor xususida olim va tadqiqotchilarning ma’ruzalari tinglandi.

Shuningdek, Qashqadaryoda ham Amir Temur tavalludining 678 yilligi munosabati bilan Amir Temur hayoti va faoliyatining komil inson tarbiyasidagi o‘rni mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zAning ma’lum qilishicha, viloyat hokimligi va Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, tarixchi olimlar, yosh tadqiqotchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi.

Anjumanda “Mustaqillik yillarida Amir Temur va temuriylar davri tarixining tadqiq etilishi”, “Arab manbalarida Amir Temur siymosi”, “Sohibqironning oilaviy hayoti” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

Anjumanda Amir Temur va temuriylar haqidagi arab va fors manbalarini tarjima qilish va izohlar bilan chop etish, mazkur tarixiy asarlarni keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallab nashrga tayyorlash, “Amir Temur yo‘llari bo‘ylab” loyihasi asosida ekspeditsiya tashkil qilish kabi takliflar bildirildi.