Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanida Jahon salomatlik kuni munosabati bilan ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Tuman madaniyat va sport ishlari bo‘limi, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman kengashi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, mahalla yoshlari, korxona va tashkilotlardan 1 500 nafardan ortiq ishtirokchi uch kilometr masofaga yugurish bo‘yicha bellashdi.Musobaqada Saparboy Arazdurdiyev, Jo‘rabek Ametov, Inomjon Yusupov, Oltinbek Nurboyev, Mohim Yo‘ldosheva, Laylo Sheripboyeva, Shahlo va Shohsanam Ilyasova shohsupaga ko‘tarildi. Shuningdek, “Eng yosh ishtirokchi”, “Eng keksa ishtirokchi” va “Eng yaxshi sportchilar oilasi” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, maxsus diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
– Ayni paytda tumanimizda 13 ming nafarga yaqin yoshlar sportning 12 turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Umar Sobirov. – Tumandagi 42 sport zali, 150 sport maydonchasi, yopiq suv havzasi, 10 ga yaqin tennis korti yoshlar ixtiyorida. Sportchilarimiz orasida 50 ga yaqin O‘zbekiston chempioni, 100 nafardan ortiq Qoraqalpog‘iston birinchiligi g‘olibi bor.
Musobaqa doirasida velopoyga ham o‘tkazildi. Ellikdan ortiq sportchi ishtirok etgan poygada Qudrat Ibodullayev marraga birinchi yetib keldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin Muhriddin Xo‘jambergenov hamda Sarvar Yaxshimuratovga nasib etdi.
Izoh (0)