M-37 Samarqand-Ashxobod-Turkmanboshi avtomobil yo‘lining Buxoro viloyati hududidan o‘tgan 321—331-kilometrlarida rekonstruksiya ishlari yakunlanib, obyekt foydalanishga topshirildi. Bu haqda “O‘zavtoyo‘l” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Romitan tuman Yo‘llardan foydalanish-ta’mirlash korxonasi tomonidan amalga oshirilgan loyiha yo‘lning transport o‘tkazuvchanligini jahon talablariga muvofiqlashtirilish, avtomobillarning uzluksiz va xavfsiz harakatlanishini ta’minlash imkonini beradi.
— Mazkur loyihani amalga oshirish uchun Respublika Yo‘l jamg‘armasi tomonidan 45 milliard 300 million so‘m ajratilgan bo‘lib, ishning to‘g‘ri tashkil etilishi natijasida rekonstruksiya ishlarini rejada belgilangan muddatdan oldin yakunladik, — deydi korxona ish yurituvchisi Rashid G‘oyibov.
Romitan Yo‘llardan foydalanish-ta’mirlash korxonasi 2009-yilda 4R-48 avtomobil yo‘lida 2483,7 million so‘mlik mukammal ta’mirlash ishlarini bajargan edi. Keyingi yillarda korxona A-380 G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov trassasining 520—553-kilometrlarini, shuningdek M-37 Samarqand-Ashxobod-Turkmanboshi yo‘lining 311—321-kilometrlarini rekonstruksiya qildi.
2013-yilgi Investitsiya dasturi doirasida O‘zbek milliy avtomagistrali tarkibidagi M-37 Samarqand-Ashxobod-Turkmanboshi va A-380 G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov xalqaro yo‘llaridagi yettita obyektda jami 30 kilometr yo‘l rekonstruksiya qilindi, bitta yo‘lo‘tkazgich qurib foydalanishga topshirildi. Bu ishlarga sarflangan investitsiyalarning umumiy miqdori esa 66,1 milliard so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, o‘tgan yili Respublika yo‘l jamg‘armasi buyurtmasiga asosan, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarini to‘la ta’mirlash rejasi asosida 12 ta obyektda 5,3 kilometrlik yo‘l 10,102 milliard so‘mga to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Viloyat hokimligi buyurtmasiga asosan esa mahalliy ahamiyatga ega umumiy foydalanilayotgan avtomobil yo‘llarida ikkita ko‘prik bunyod etilib, 0,717 kilometrlik avtomobil yo‘li mukammal ta’mirlandi.
Izoh (0)