Moskvada politsiyachi 160 ming rubl porani yeb qo‘yishga urindi
Moskvada politsiya tezkor xodimlari jinoyat ishini bosdi-bosdi qilish uchun fuqarodan 160 ming rubl (taxminan 4500 AQSh dollari) miqdorida pora olib qo‘yib, bu jinoyatining izini yo‘q qilishga uringan o‘z hamkasblarini qo‘lga olishdi. Politsiya kapitani olgan pullarini yo‘q qilish uchun ularni yeyishga tushgan edi, deb yozadi “Interfaks” axborot agentligi.
Kapitan o‘zining izidan tushganlarini sezib qolgach, avtomobiliga qamalib olib, pora sifatida olingan, belgi qo‘yilgan kupyuralarni ashyoviy dalilni yo‘q qilish maqsadida yeya boshlagan. Pulning umumiy miqdori 160 ming rubl bo‘lgan, ammo kupyura nominali xabarda qayd etilmagan. Politsiyachilar tezda mashina derazasini sindirib, o‘z hamkasblarini ashyoviy dalil bilan qo‘lga olishgan.
Poraxo‘r politsiyachining ishi prokuraturaga oshirilgan. Moskva politsiyasi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, tekshiruv xulosasiga ko‘ra aybdor ichki ishlar idoralaridan salbiy sabablar bilan chetlatiladi. Uning rahbarlariga ham intizomiy jazo tayinlanadi.
