AQShning Pensilvaniya shtati fuqarosi Jeyms Valentayn daraxt kesayotgan payti zanjirli arraning tig‘i uning yelkasi va bo‘ynini kesib ketdi. Bu to‘g‘rida CNN xabariga asoslanib MedPortal.ru ma’lumot bermoqda.
Voqea 31-mart kuni, Pittsburg shahrining shimolida ro‘y bergan. Daraxtlarni butashga ixtisoslashgan firma xodimi 21 yoshli Jeyms qarag‘ay tepasiga chiqib, zanjirli arra bilan uning shoxlarini kesayotgan edi. Birdaniga qo‘lidagi moslama sirg‘alib ketib, arra tig‘i yigitning yelkasi va bo‘ynini kesib kirib ketdi. Hamkasblari Valentaynni darhol yerga tushirib, arraning kesuvchi qismini dvigateldan ajratishdi, ammo tanaga kirib ketgan tig‘ni olishga yuraklari betlamadi.
Hushini yo‘qotmagan Jeymsni darhol Allegheny General Hospital kasalxonasiga eltishdi. Bir soatga yaqin davom etgan shoshilinch jarrohlik operatsiyasi davomida shifokorlar arrani Valentaynning tanasidan chiqarib olishdi. Tig‘ uning yumshoq to‘qimalarini zararlagan, ammo uyqu arteriyasiga yetib borishiga bir santimetrgina qolgan.
Hozir Jeymsning salomatligi yaxshilanib bormoqda va u butkul tuzalib ketadi, deyishmoqda shifokorlar.
Izoh (0)