Farg‘ona viloyatida past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish tufayli ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar turini ko‘paytirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishda banklar faol ishtirok etmoqda, deb xabar berdi O‘zA.
Bozor iqtisodiyoti sharoitiga moslasha olmay bankrot bo‘lgan Quvasoy shahridagi “Quvasoy parranda” aksiyadorlik jamiyati “Ipoteka bank”ning Farg‘ona filiali balansiga o‘tkazilib, uning ta’sischiligida yangi jamiyatga asos solindi. 9,4 milliard so‘m investitsiya kiritilib, yirik istiqbolli loyiha amalga oshirildi. Zamonaviy texnologiyalar asosida 60 ming jo‘ja yetishtirish, 100 ming parranda boqish va broyler tovuq parvarishlash yo‘lga qo‘yildi. Natijada 100 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.
Ayni paytda “Quvasoy naslli parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati aholining parhez go‘sht va tuxum mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qoplashga munosib hissa qo‘shmoqda.
– Bank ko‘magida faoliyatimiz qayta tiklangani davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor samarasidir, – deydi jamiyat direktori X. Abdulqosimov. – Go‘sht va tuxum saqlashga ixtisoslashgan zamonaviy muzlatgich kamerasi, omborxona va bir qator yangi tarmoqlarning ishga tushirilishi jamiyatni sog‘lomlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi. 2014-yilda 432 tonna parhez go‘sht va 27 million dona tuxum yetkazib berish rejalashtirilgan.
Izoh (0)