“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining “Toshkent—Simferopol—Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab 3-aprel kuniga mo‘ljallangan HY—747/HY—748 reyslari bekor qilindi. Bu haqda aviakompaniyadagi manbalarga asoslanib “Gazeta.uz” xabar berdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, reyslar 16-mart kuni bo‘lib o‘tgan referendum natijalariga ko‘ra Rossiya tarkibiga qo‘shilgan Qrim poytaxt aeroporti tuzilmalarining qayta tashkil etilishi va Rossiya tomonidan ruxsat berilmaganligi sabab bekor qilingan.
Bungacha O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi haftaning dushanba va payshanba kunlari Toshkentdan Simferopolga reyslarni amalga oshirib kelayotgan edi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha keyingi reyslar ham bekor qilinishi yoki qilinmasligi haqida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q.
Yo‘lovchilar qayd etilgan reys chiptalarini qo‘shimcha to‘lovlarsiz va jarima to‘lamasdan yana bron qilishi yoki qaytarib berishi mumkin, deb yozadi “Kun” nashri.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina aviatsiyasi rahbariyati tomonidan tegishli ruxsatnomaning berilmagani sabab, “Havo yo‘llari” 1-aprel kuni “Toshkent—Kiyev—Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha HY—741/HY—742 reysini bekor qilishga majbur bo‘lgan edi.
Izoh (0)