O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashid Qodirovning o‘g‘li — Alisher Qodirov Dubayda 7,9 million dollarlik ko‘chmas mulkka egalik qiladi. Bu haqda Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi surishtiruvida so‘z boradi.
Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi 70 dan ortiq mamlakat jurnalistlari bilan birgalikda o‘z mamlakatida turli jinoyatlarda ayblanayotgan Dubaydagi mulk egalari haqida Dubai Unlocked nashrida chop etdi.
Tekshiruv Dubaydagi ko‘chmas mulk haqidagi ko‘plab maʼlumotlarning sizib chiqishiga asoslanadi. 2020—2022-yillarda sodir bo‘lgan holatlar yuz minglab ko‘chmas mulk egalari haqidagi maʼlumotlarni o‘z ichiga oladi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, ro‘yxatda 2018-yilning mart oyidan boshlab tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib, O‘zbekiston IIV tomonidan qidiruvga berilgan Alisher Qodirov ham bor.
Jurnalistlarga ko‘ra, u qiymati 1,9 million dollardan 2 million dollargacha bo‘lgan to‘rtta Marina Plaza ofisiga egalik qiladi.
O‘zbekistonning uchinchi bosh prokurori — Rashid Qodirov
1952-yilda Andijonda tug‘ilgan Rashid Qodirov O‘zbekistonning uchinchi bosh prokurori hisoblanadi. U mazkur lavozimda ishlash bo‘yicha rekordchi sanaladi — 15 yil 2 oy.
Andijon viloyati prokuraturasida faoliyatini boshlagan Rashid Qodirov 80-yillarda Davlat xavfsizligi qo‘mitasida ishlagan. 1991—1994-yillarda MXX raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan. Keyinchalik “MXXda 25 yil fidokorona xizmati uchun” medali bilan ham taqdirlangan. 1994-yildan 2000-yilgacha bosh prokuror o‘rinbosari lavozimida ishlab, O‘zbekistonda ro‘y bergan bir necha teraktlarni tergov qilishga mas’ul bo‘lgan.
2015—2017-yillarda Konstitutsiyaviy sud a’zosi bo‘lgan. 2018-yil 23-fevralda Rashid Qodirov tovlamachilik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pora olishda ayblanib hibsga olindi. 2019-yil iyunida Rashid Qodirovga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
2023-yil yanvarida Rashid Qodirov shartli ravishda ozodlikka chiqarilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ham Qodirov ozodlikka chiqqani haqida post qoldirib, sobiq bosh prokuror haqida olinishi kerak bo‘lgan film ko‘rsatilmaganini eslagan edi.
Izoh (0)