Namangan viloyatida o‘zboshimchalik bilan tabiiy gazdan foydalangan MCHJ aniqlandi, deb xabar beradi “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, “O‘zenergoinspeksiya” Namangan hududiy boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Tadbir davomida To‘raqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan “B.S.S” MCHJga qarashli oshxona qoidabuzarlik uchun tabiiy gaz tarmog‘idan ajratilgan bo‘lishiga qaramasdan, o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qayta tarmoqqa ulanib olgani aniqlangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 129,9 million so‘m (86,6 ming metr kub tabiiy gaz)ni tashkil etgan.
Qoidabuzar isteʼmolchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.
Avvalroq Toshkent viloyatida 618,4 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlangani, Qoraqalpog‘istonda 222,6 mln so‘mlik gazni muvofiqlik sertifikatisiz sotgan zapravka jarimaga tortilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)