Akmal Mirzayev Sirdaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tayinlovga qadar u Sardoba tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan.
Akmal Mirzayev 1971-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. 1997-yilda Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutini, 2003-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2010-yilda Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi iqtisodchi-moliyachi.
Mehnat faoliyati davomida turli yillarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston prezidenti devonida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan, qishloq va suv xo‘jaligi vazirligida boshqarma boshlig‘i bo‘lgan, 2018—2022-yillarda qishloq va suv xo‘jaligida vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
2022-yil oktyabridan buyon Sirdaryo viloyati Sardoba tumaniga rahbarlik qilib kelayotgandi.
Bundan oldin Xusen To‘xtayev Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, Sherzod Rahimov esa Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari etib tayinlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.