Hindistondagi koronavirus infeksiyasining tarqalishini bartaraf etish uchun O‘zbekiston insonparvarlik yordamini yuborishi haqida xabar berilgan edi. Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, 1-may kuni Dehli shahriga insonparvarlik ko‘magi yetkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Qayd etilishicha, mobil kislorod konsentratorlari to‘plamlari, ehtiyoj yuqori bo‘lgan turli dori vositalaridan tarkib topgan insonparvarlik yuklari Dehli aeroportida O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Ahatov tomonidan mazkur mamlakat Qizil Xoch jamiyati va Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakillariga topshirildi.
Ayni paytda Hindistonda og‘ir epidemiologik vaziyat kuzatilmoqda. Mamlakatda COVID-19’ga chalinish bo‘yicha jahon rekordi ketma-ket yangilanmoqda. Mamlakatdagi epidemiologik vaziyat “koronavirus bo‘roni” deb ta’riflandi.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Yevrosiyo departamenti direktori o‘rinbosari Bandaru Vilsonbabu Hindistondagi joriy sanitar-epidemiologik holat keskin og‘irlashgan bir vaqtda O‘zbekiston rahbariyati tomonidan birinchilardan bo‘lib insonparvarlik yordamini yuborish haqida qaror qabul qilingani O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldida faol hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga sodiq ekanini namoyish etish bilan birga O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi mavjud strategik sherikchilik aloqalarining amaldagi yaqqol isboti ekanini e’tirof etgan.
Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi Hindiston hukumati o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan bu og‘ir damda favqulodda yordam sifatida yuborilgan materiallar samimiy xayrixohlik belgisi o‘rnida qadrlashini ma’lum qildi. Pandemiya inqirozi davrida gumanitar hamkorlik Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
1-may kuni O‘zbekiston tomonidan yetkazib berilgan insonparvarlik yordami Hindistonning qator yetakchi ommaviy axborot vositalarida, xususan Times of India, ANINews, ZeeNews va boshqalarda keng yoritilgan.
Eslatib o‘tamiz, Hindiston 2020-yilda O‘zbekistonga COVID-19 bilan og‘rigan odamlarni davolash uchun ishlatiladigan tibbiy preparatlar, jumladan, gidroksiklorokin tabletkalari va boshqa dori-darmonlar yuborgandi. 2021-yilning mart oyida O‘zbekiston COVAX tashabbusi doirasida Hindiston zardob instituti tomonidan ishlab chiqarilgan 660 ming doza vaksinani qabul qilib olgandi. Uning navbatdagi partiyasi iyun oyida olib kelinadi.
Izoh (0)