Rustam Saidov qo‘l ostidagi O‘zbekiston boks terma jamoasi Qozog‘istonning Atirau shahrida tashkil etilgan xalqaro boks musobaqasida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Musobaqada to‘qqiz mamlakat – Iordaniya, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Rossiya, Suriya, Tojikiston, Ukraina, Qozog‘iston va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi va 10 to‘plam medallar shodasi uchun kurash olib bordi.Musobaqaning final bahsida 52 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida o‘zbekistonlik Shahobiddin Zoirov qozog‘istonlik Baynazovni, 69 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Odilbek Aslanov qozog‘istonlik Manashevni, 75 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Bektemir Meliqo‘ziyev rossiyalik Fidurinni, 91 kilogramm vazn toifasida Mirzohidjon Abdullayev iordaniyalik Joxaysni mag‘lub etdi va musobaqa g‘olibiga aylandi.
Shuhrat Abdullayev (81 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida) kumush, Abdulhay Shermatov (52 kilogrammgacha) va Elshod Rasulov (81 kilogrammgacha) bronza medallar egasiga aylandi. Shunday qilib, to‘rt oltin, bir kumush va ikki bronza medal bilan O‘zbekiston termasi musobaqada birinchi bo‘ldi. Qirg‘iziston va Qozog‘iston terma jamoalari mos ravishda kuchli uchlikdan o‘rin oldi.