Namanganda sinxron suzish bo‘yicha 1997—2002-yillarda tug‘ilgan qizlar o‘rtasida O‘zbekiston ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Yoshlik” suv sporti majmuasida ikki kun davom etgan musobaqada Toshkent shahri vakillari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Jumladan, yakkalik, duet va jamoaviy chiqishlar bo‘yicha Xonzoda Toshxo‘jayeva, Anastasiya Morozova, Irina Li, Anna Yeltisheva kabi yosh sportchilarning chiqishlari hakamlar tomonidan eng yuqori baho va oltin medallarga loyiq topildi.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, Andijon viloyati jamoasi ikkinchi, buxorolik sportchilar esa uchinchi o‘rinni band etdi.