O‘zbekiston terma jamoasi va Moskvaning “Lokomotiv” klubi himoyachisi Vitaliy Denisov bilan Rossiyaning “Championat.com” nashri intervyu uyushtirdi. Bu haqda “Championat.asia” xabar qilmoqda.
Vitaliy Denisov O‘zbekiston terma jamoalarida o‘tkazgan yillari ichidagi eng yorqin xotira deb, 2006-yil Qatar poytaxti Dohada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarini aytib o‘tdi.
“Bu Olimpiadaga o‘xshash turnir, ammo faqat Osiyo jamoalari o‘rtasida. O‘shanda jamoamiz tarkibi juda kuchli edi: Marat Bikmayev, Anzur Ismoilov, Timur Kapadze, Server Jeparov, Igor Taran, Aleksandr Geynrix. Tennischi, basketbolchi, bokschi va boshqalar bilan katta Olimpiya qishlog‘ida yashaganmiz. Zo‘r vaqtlar edi.
O‘shanda chorak finalgacha yetib borganmiz. Iroq bilan o‘ynadik. Birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yubordik, ammo birinchi bo‘limning oxirida Geynrix hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo‘lim boshida hakam gol urgan iroqlik futbolchini chetlashtirdi. O‘shanda qandaydir shayx maydonga tushib, futbolchilarni maydondan olib chiqib keta boshladi.
Murabbiy uni tinchlantirishga urindi. Keyin shayx hakamlarni chaqirib olib, ular bilan suhbatlashdi va o‘yin davom etdi. Suhbatdan so‘ng hakamlik juda yomon bo‘ldi. Referi bizga qarshi ishladi. Asosiy futbolchilarimizga sariq kartochka berdi, adashmasam, kimnidir chetlatdi ham. Natijada qo‘shimcha vaqt bo‘ldi va bu bo‘limda Iroq gol urdi. Biz mag‘lub bo‘ldik”, — dedi Vitaliy Denisov.