“Barselona” futbol klubi Yevropa Chempionlar Ligasining chorak finaliga ketma-ket chiqish bo‘yicha rekord o‘rnatdi. UEFA rasmiy sayti xabariga ko‘ra, Kataloniya klubi ketma-ket to‘qqizinchi bor musobaqaning eng kuchli sakkiz jamoasi qatoriga kirdi.
Eslatib o‘tamiz, 16-mart kuni “Kamp Nou” stadionida Angliyaning “Arsenal” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan YeChL nimchorak final javob o‘yinida “Barselona” 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Londonda bo‘lgan birinchi o‘yinda ham ispan klubi zafar quchgan edi (2:0).
Qayd etish joiz, “Barselona” o‘zi ishtirok etayotgan barcha musobaqalarda 38 ta uchrashuvdan buyon mag‘lubiyatga uchramadi. Bu uchrashuvlarning ketma-ket 9 tasida Kataloniya klubi g‘alaba qozongan.
Londonning “Arsenal” klubi esa qatorasiga oltinchi mavsum YeChL nimchorak finalidan o‘ta olmayapti. So‘nggi bor Arsen Venger jamoasi 2009/2010-yilgi mavsum nimchorak finalida Portugaliyaning “Portu” klubi dovonidan o‘tgan edi.
Shundan keyin Angliya Premyer-ligasi vakili Chempionlar Ligasining bu bosqichida “Barselona” va “Bavariya”ga ikki marta, “Monako” hamda “Milan” klublariga esa bir martadan mag‘lub bo‘ldi.
UEFA talqiniga ko‘ra, “Barselona” hujumchisi Luis Suares “Barselona” — “Arsenal” uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Urugvaylik futbolchi dastlab Neymarning goliga assistentlik qildi, ikkinchi bo‘limda o‘zi “Arsenal” darvozasini ishg‘ol qildi.
Izoh (0)