Moskvaning Markaziy ma’muriy okrugi prefekturasi Checheniston rahbari Ramzan Qodirov iste’fosi talab etiladigan aksiya o‘tkazilishini kelishishdan bosh tortdi. Bu haqda respublikaning Rossiya poytaxtidagi vakolatxonasi oldida ommaviy namoyish uyushtirishni rejalashtirgan “Yabloko” partiyasi saytida ma’lum qilingan, deya xabar beradi Meduza.
“Yabloko” endi ommaviy namoyish o‘rniga 26-yanvar kuni Rossiya prezidenti ma’muriyati oldida yakka piketlar o‘tkazishni mo‘ljallamoqda. Partiya tizimdan tashqari muxolifat vakillarini “qo‘poruvchilik faoliyati uchun sud qilish lozim bo‘lgan xalq dushmanlari va xoinlar” deb atagan Ramzan Qodirov iste’fosini talab etib, aksiya tashkil etishga qaror qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Checheniston poytaxti Grozniyda respublika rahbari Ramzan Qodirovni qo‘llab-quvvatlash maqsadida miting o‘tkazilgani, unda bir millionga yaqin kishi qatnashgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)