Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 12-noyabr, payshanba kuni JCh—2018 va Osiyo Kubogi—2019 saralash bahslari doirasida navbatdagi o‘yinini o‘tkazadi. Toshkent vaqti bilan 18:00 da “Paxtakor” markaziy stadionida boshlanadigan uchrashuvda Samvel Babayan qo‘l ostidagi o‘zbekistonliklarga “H” saralash guruhi peshqadami — Shimoliy Koreya terma jamoasi raqib bo‘ladi. O‘FF matbuot xizmati mazkur o‘yin oldidan tashkil etilgan rasmiy mashg‘ulotlaridan fotoreportaj tayyorladi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2015-yil hisobidan uchinchi, o‘z tarixida esa sakkizinchi marta Shimoliy Koreyaga qarshi to‘p suradi. Avvalgi yetti uchrashuvning bittasi 1998-yilgi Osiyo o‘yinlari, yana biri 2015-yilgi Osiyo Kubogi doirasida, ikkitasi o‘rtoqlik uchrashuvi maqomida, qolgan uchtasi esa jahon chempionati saralash bahslari doirasida o‘tkazilgan.
JCh—2018 saralashi doirasida 16-iyun kuni Pxenyanda bo‘lgan so‘nggi o‘yin alohida e’tiborga molik. 4:2 hisobida yakuniga yetgan bahs KXDRning O‘zbekiston ustidan qozongan ilk g‘alabasi sifatida tarixda qoldi. Ayni vaqtda, aynan mana shu o‘yin Mirjalol Qosimovning milliy terma jamoadagi murabbiyligining ikkinchi davriga yakun yasadi — uchrashuv birinchi taymidan keyin O‘zbekistonning 0:4 hisobida ortda borgani muxlislarni ayniqsa g‘azablantirgan edi.
Qosimov iste’fosidan so‘ng milliy terma jamoa rulini qo‘lga olgan “Paxtakor”ning sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan jamoa bilan ketma-ket uchta g‘alabaga erishdi. Dastlab Toshkentda Yaman 1:0 hisobida, so‘ng mehmonda Filippin (5:1) va Bahrayn (4:0) yirik hisoblarda mag‘lub etildi. Mazkur g‘alabalardan so‘ng milliy terma jamoa, bir o‘yin zaxirasiga ega bo‘lgani holda, guruhda ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. E’tiborli tomoni, saralashning “ikkinchi davra”sida O‘zbekiston, Shimoliy Koreyadan tashqari, Filippin (2016-yil 24-martda) va Bahraynni (2016-yil 29-martda) Toshkentda qabul qiladi, uyda esa “devorlar ham yordam berishi” aniq.
Ketma-ket g‘alabalar, ayniqsa, 2005-yildan beri O‘zbekiston uchun kutilmaganda “noqulay raqib” maqomini olgan Bahrayn ustidan erishilgan ishonchli ham yirik g‘alaba nafaqat terma jamoaga tashqaridan bo‘lgan ishonchni, terma jamoa ichida — futbolchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini ham oshirdi. “Avvalgi o‘yindagi mag‘lubiyat uchun o‘ch olish maqsadida emas, faqat uch ochko niyatida maydonga tushamiz. Ortiqcha ehtirosga berilib emas, aql bilan o‘yin ko‘rsatamiz”, — deydi 12-noyabrdagi o‘yin arafasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan terma yetakchilaridan biri Aziz Haydarov.
Babayan Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yin uchun 23 nafar futbolchini tanlab olgan bo‘lib, ularning 9 nafari legionerlardir. “Biz Shimoliy Koreyani ko‘p bora mag‘lub etganmiz, bu jamoani mag‘lub etish mumkin”, — deydi Janubiy Koreyaning “Ulsan” klubida to‘p suruvchi Server Jeparov. “KXDR darvozasiga gol urish qiyin, degan gaplarga qo‘shilmayman. Yo‘q, qiyin emas”, — deydi so‘nggi vaqtlarda terma jamoaning ishongan o‘yinchisiga aylangan, ayni vaqtda Qatarning “Al-Jayish” klubida o‘ynayotgan Sardor Rashidov.
Shimoliy Koreya bosh murabbiyi Kim Chang Bok Toshkentdan durang bilan qaytish ham qoniqarli ekanini aytib o‘tdi. Samvel Babayan esa Shimoliy Koreya bilan o‘yinga to‘rt hujumchini chaqirgan bo‘lib, uchrashuv arafasida tashkil etilgan matbuot anjumanida bo‘lajak o‘yinda ham bir hujumchi bilan o‘yinni boshlashini ma’lum qildi. Hujumchilardan biri — tajribali Aleksandr Geynrix KXDRning kuchsiz tomonlaridan xabardorligini bildirgan bo‘lsa, yosh hujumchi Eldor Shomurodov Babayan boshliq murabbiylar tanlagan taktika g‘alabaga asos bo‘lishini, “Paxtakor” hujumchisi Igor Sergeyev esa imkoni boricha faqat muxlislarni xursand qilish uchun o‘ynashini ma’lum qildi.
Avvalroq, O‘zbekiston va KXDR terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni Alirizo Fag‘oniy boshliq hakamlar brigadasi boshqarib borishi ma’lum bo‘lgandi. 6-noyabrdan o‘yin chiptalari sotuvga chiqqani, markaziy sektorlarning 15 ming so‘mlik chiptalari o‘yinga uch kun qolganida stadion kassalarida qolmagani haqida ham xabar berilgan edi.