Jahon chempionati—2018 ikkinchi saralash bosqichi, 7-tur o‘yinlari doirasida O‘zbekiston va Shimoliy Koreya terma jamoalari uchrashuvidan oldin matbuot anjumani tashkil etildi. Unda avval KXDR terma jamoasi bosh murabbiyi Kim Chang Bok ishtirok etib, o‘z fikrlarini bildirdi, deb xabar beradi O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati.
“Pxenyandagi birinchi o‘yin o‘tgandan buyon ancha vaqt o‘tdi. Har ikki jamoa shundan keyin ancha o‘yinlarda maydonga tushdi va ularni muvaffaqiyatli o‘tkazdi”, — deya so‘z boshladi 56 yoshli mutaxassis. — Shuning uchun bu o‘yin ahamiyatini futbolchilarimiz yaxshi tushunib turibdi. O‘yinga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik va buni ertaga maydonda isbotlashga harakat qilamiz. Biz bu yerga g‘alaba uchun keldik”.
O‘zbekiston milliy terma jamoasini qay tarzda o‘rgangani borasida gapirar ekan, jumladan shunday dedi:
“Birinchi o‘yin bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, ayni paytda O‘zbekiston terma jamoasida murabbiy o‘zgardi va tarkibda ham bir qancha o‘zgarishlar bor. Ayrim yangi futbolchilar tarkibga jalb qilingan. O‘yin borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, Pxenyandagi o‘yinda ko‘proq tajribali futbolchilar maydonda harakat qilgan va asosiy e’tibor markaziy chiziqqa va to‘pni ushlab turishga qaratilgandi. Yaman, Filippin, Bahraynga qarshi o‘yinlarda esa e’tibor tezkor qarshi hujumlar va umuman, o‘yin tezligiga qaratganini ko‘rish mumkin. Bularning barchasi murabbiy o‘zgarishi bilan bog‘liq, albatta. Yangi murabbiy, bu — boshqacha taktika degani”.
Shuningdek, Shimoliy Koreya terma jamoasi bosh murabbiyi muxlislar omili ham o‘yinga bevosita ta’sir o‘tkazishi mumkin ekanini ta’kidladi.
“Yana bir muhim jihat shundan iboratki, ertaga O‘zbekiston o‘z maydonida o‘ynaydi va muxlislar ularni qo‘llab-quvvatlab turadi. Biz muxlislar bosimini yengib o‘ta olsak, o‘ylaymanki, yaxshi natijaga erisha olamiz”.
Kim Chang Bokning aytishicha, ertangi o‘yinda uning jamoasi g‘alaba uchun o‘ynaydi, shunga qaramay, agar o‘yinda durang natija qayd etilsa ham buni qoniqarli natija sifatida qabul qiladi.
“Agar biz ertangi o‘yinda durangga imzo chekadigan bo‘lsak, texnik tomondan bu biz uchun qoniqarli natija bo‘ladi. Chunki, asosiy raqibni o‘z maydonimizda mag‘lub etib, javob o‘yinida durang qayd etgan bo‘lamiz”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston — KXDR uchrashuvi ertaga, 12-noyabr kuni “Paxtakor” stadionida bo‘lib o‘tadi.