AQSH prezidenti Jo Bayden Amerika universitetlarida falastinliklarni qo‘llab-quvvatlovchi talabalar namoyishlari uning Yaqin Sharq mintaqasiga nisbatan siyosatini o‘zgartirmasligini aytib o‘tdi.
“Men tushunaman, odamlarda bu borada kuchli his-tuyg‘ular bor va ularning o‘z e’tiqodlari bor. Qo‘shma Shtatlarda biz ularning fikr bildirish huquqini himoya qilamiz va hurmat qilamiz, ammo bu ularga hamma narsa mumkin degani emas. O‘z fikrini bildirish zo‘ravonliksiz, vayronkorliksiz va nafratsiz amalga oshirilishi kerak”, — dedi Bayden.
Norozilik namoyishlari uni Yaqin Sharq mintaqasiga nisbatan siyosatini o‘zgartirishga undadimi, degan savolga Bayden: “Yo‘q” deb javob berdi.
Bayden, shuningdek, AQSHda islomofobiya va boshqa kamsitishlarga o‘rin yo‘qligi kabi antisemitizm va yahudiy talabalarga nisbatan tahdidlarga ham yo‘l qo‘yilmasligini aytdi.
Amerika universitetlarida norozilik namoyishlari taxminan ikki hafta oldin boshlangan. Ularda, asosan, ta’lim muassasalari rahbariyatiga rozi bo‘lmagan Falastin tarafdori talabalar qatnashmoqda. Yoshlar AQSHning o‘nlab universitetlarida namoyish o‘tkazib, rahbariyatdan Isroil yoki G‘azo sektoridagi mojaroga aloqador kompaniyalar bilan har qanday aloqani uzishni talab qilmoqda.
Izoh (0)