Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Shahar mushuklari kuni doirasida 7-iyun kuni mushuklar paradi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Vesti.ru xabar bermoqda.
Sankt-Peterburgdagi Mushuklar muzeyi rahbari, Ermitaj mushuklari veterinari Anna Kondratyevaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu parad o‘ninchi marta o‘tkazildi va unda imkon qadar ko‘proq ishtirokchi qatnashishi uchun bayram 8-iyundan 7-iyunga ko‘chirildi.
Mashhur “Mushuklar respublikasi” qahvaxonasi joylashgan Konnogvardeyskiy xiyoboni mushuklar sharafiga bir kunga Kotogvardeyskiy deb qayta nomlandi va Neva maskarad mushuklari, Peterburg sfinkslari, shuningdek, Peterburgda keng tarqalgan rus mushuklari – Sibir, rus, moviy, Ural rekslari, karel va kuril bobteyl zotiga mansub mushuklar paradi bo‘lib o‘tdi.
Bayram doirasida 36ta mushuk o‘zining yangi egasiga topshirildi, bayram oxirida esa bolalar mushuklarning tasviri tushirilgan pufakchalarni havoga uchirishdi.