O‘zbekiston Respublikasini 2015-yilning I choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari e’lon qilindi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Yil boshidan buyon O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish obyektlarida 164,1 milliard so‘m, jumladan, Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 72,5 milliard so‘m, O‘zbekiston Respublikasi hukumati kafolati ostida xorijdan olingan zayomlar hisobidan 37,7 million dollar o‘zlashtirildi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat aksiyadorlik kompaniyasi loyihalari bo‘yicha temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish uchun qiymati 140 million dollarlik kapital qo‘yilmalar, jumladan, Maroqand-Qarshi va Qarshi-Termiz temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish loyihalari bo‘yicha mos ravishda 8,6 hamda 4,1 million dollar, «Angren-Pop» yangi temir yo‘l liniyasini qurish uchun 92,4 million dollar o‘zlashtirildi. Uzunligi 44 kilometr temir yo‘l qayta tiklandi, 72 yuk va 3 yo‘lovchi tashish vagoni tayyorlandi.